Fuqarolarning yer va mol-mulkka bo‘lgan egalik huquqlarini tiklashda kadastr idoralari oldida bir qator mas’uliyatli vazifalar yuklatilgan va bu bugungi kunda ham dolzarb masala bo‘lib kelmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2024 yil 5 avgustda Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun ham yer maydonlariga bo‘lgan munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Davlat kadastrlar palatasi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Tursunboyevning ta’kidlashicha, viloyatning jami yer maydoni 743 ming 293 gektarni tashkil qilib, shundan 488 ming 752 gektari qishloq xo‘jaligi yerlari toifasiga kiradi. Ularda xalqimiz dasturxoni uchun paxta va g‘alla hamda sarxil meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi.
Biroq, yerdan xalq manfaati uchun emas, o‘z nafsi qondirish maqsadida foydalanish holatlari hamon uchrayotganligi g‘oyat achinarlidir. Bunday o‘zboshimchaliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish uchun viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda yer nazorati tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida 69,3 gektar yer maydonida 1 ming 605 ta qonunbuzilish aniqlanib, shundan 643 tasi, ya’ni 48,5 gektari majburi

y buzdirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritildi. Jumladan, 99 tasida, ya’ni 10,6 gektari yuzasidan da’vo arizalari qanoatlantirilgan, 189 ta hujjat huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.
Kadastr nazorati inspektorlarining bevosita fuqarolar bilan olib borgan tushuntirish va targ‘ibot ishlari natijasida 20,8 gektardagi qonunbuzilishlar, shuni sodir etgan shaxslar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilib, yer o‘z holiga keltirildi.
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan jami 73 ming 104 ta murojaat kelib tushgan. Xususan, ularning 19 ming 327 tasi yakka tartibdagi turar-joy, 7003 tasi ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar, 33 mingdan ortig‘i yerga bo‘lgan egalik huquqlarini e’tirof etishga doxildir. Bularning 54 ming 676 tasi ijobiy hal etilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 3 ming 215 nafar yer egasiga mo‘ljallangan 364,9 gektar yer avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritildi.

Kadastr idoralari xodimlari yangi qonunga asosan xatlov jarayonida “Mahallabay” va “Xonadonbay” ish tashkil etib, har bir ko‘chmas mulkni o‘lchab, yer uchastkalarining amaldagi chegaralari aniqlamoqda. Topograflar geodezik uskunalarda ob’ektning aniq geografik joylashuvini topib, elektron xaritalar tuzilmoqda. Bu yumushga 200 nafar kadastr muhandisi safarbar qilingan va 301 ta mahalladagi 44 ming 812 ta ko‘chmas mulk xatlovdan o‘tkazildi. Jumladan, 35 ming 737 tasi “UzKad” tizimiga identifikatsiya qilindi hamda hal etilishi mumkin bo‘lgan 17 ming 824 ta ko‘chmas mulk yig‘majildini ko‘rib chiqish uchun “Etirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tegishli vazirlik va idoralarga yuborildi. Hozirga qadar 108 kishining huquqlari e’tirof etilib, bu bo‘yicha xalq deputatlari viloyat Kengashining qarori qabul qilindi.
Xatlov ishlari boshlanganligi haqida barcha mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va faollari bir necha bor xabardor qilingan bo‘lsa-da, ayrim mahallalarda ko‘chmas mulk egalari manzilida bo‘lmasligi jarayonlarni o‘z muddatida to‘liq olib borilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ya’ni, bitta ob’ektga bir necha bor takror borib, ortiqcha vaqt yo‘qotilmoqda. Binobarin, xatlov ishlari tasdiqlangan reja-jadvalga muvofiq davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.