Isroilning Dohaga uyushtirgan havo hujumi nafaqat Qatar, balki butun Fors ko‘rfazida keskin aks-sado berdi. Bu kichik, ammo strategik ahamiyatli davlat shu paytgacha o‘zini xavfsiz his qilishga asosi bor, deb o‘ylagan.
AQSHning mintaqadagi eng yirik harbiy bazasi ushbu mamlakatning Al Udayd hududida joylashgan. Tramp yaqinda qizil gilam va milliardlab dollarlik bitimlar bilan aynan shu yerda kutib olingan. Qolaversa, Qatar G‘azo urushini tugatish bo‘yicha asosiy vositachi sifatida tan olingan.
Shunga qaramay, Hamas delegatsiyasi bilan navbatdagi muzokara boshlanishidan ikki soat oldin, Isroil samolyotlari Dohadagi turar-joy binosini nishonga oldi. Hujum oqibatida harakatning besh nafar a’zosi va Qatar xavfsizlik xodimi hayotdan ko‘z yumdi.
Bu voqea mamlakatda chuqur anglashilmovchilik holatini keltirib chiqardi. Ta’bir joiz bo‘lsa, o‘ziga xos xiyonat sifatida ham baholandi. Bosh vazir Shayx Muhammad bin Abdulrahmon Ol-Taniy SNN muxbiriga bergan intervyusida hujumni “davlat terrori” deb atadi. Binyamin Netanyaxuni “har qanday tinchlik imkoniyatini yo‘qqa chiqargan”likda ayblab, “xalqaro qonunlarni buzgan jinoyatchi” sifatida adolat davrasiga olib kelishga chaqirdi.
Qatar, AQSHning ishonchli hamkori sifatida shu yilning o‘zida Al Udayd bazasiga berilgan Eron zarbasini ham o‘z hududida “Amerika nomidan” qabul qilgan edi. Isroilning to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumi esa Vashingtonning xavfsizlik kafolatiga shubha solmoqda.
“Carnegie Endowment” tadqiqotchisi Xa Xeller ta’kidlaganidek, “Fors ko‘rfazidagi davlatlar endi yangi xavfsizlik qo‘rg‘oni to‘g‘risida o‘ylashi larkor. Zero, hozirgacha tayanib kelingan hamkor mamlakatni, hatto, o‘z ittifoqchisidan ham himoya qila olmadi”.
Qatar vositachilik faoliyatini to‘xtatishi xususida hozircha biror nima degani yo‘q, biroq muzokara amalda muzlab qoldi.
Xalqaro siyosat bo‘yicha ekspert Hasan Al-Hasan fikricha, “bunday xavfni hududdagi hech bir davlat o‘z zimmasiga olishni istamaydi”. Bu esa Arab davlatlarining nafaqat G‘azo, balki Eron, Xusiylar, Rossiya bilan bog‘liq yoki boshqa mojarolar bo‘yicha vositachilik qilishga ishonchini so‘ndirishi mumkin.
Masalan, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, O‘mon va Misr ko‘p yillar davomida vositachilik rolini bajargan. Endi bu davlatlar ham Trampning munosabatini diqqat bilan kuzatmoqda. Shu nuqtai nazardan Qatarga berilgan zarba ko‘p yillik xavfsizlik kelishuvlari, milliardlab dollarlik shartnomalar va AQSHning mintaqadagi obro‘siga putur yetkazdi. Isroilning Dohaga hujumi bilan yana bir qarash mustahkamlandi: Tel-Aviv tinchlik muzokarasini yo‘qqa chiqarishga intiladi. Asosiy savol shu: Endi AQSH Arab ittifoqchilarining Vashingtonga ishonchini tiklay oladimi?
Musulmon Ziyo, O‘zA