Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 21-turining navbatdagi kunida "Paxtakor" – "Neftchi" va "Qo‘qon 1912" – "Qizilqum" klublari o‘zaro raqobatlashdi.
“Jar” stadionida turning markaziy o‘yini deya e’tirof etilgan "Paxtakor" va "Neftchi" uchrashuvi keskin va murosasiz bahslarga boy o‘tdi. Uchrashuvning 11-daqiqasida mezbonlar vakili Flamarionning qanotdan uzatgan to‘pini Azizbek Turg‘unboyev baland sakrab boshi bilan darvozaning yaqin burchagiga to‘pni joylab qo‘ygan holda hisobni ochdi. Oradan 12 daqiqa o‘tib, Flamarion o‘yin qoidasini buzdi va maydondan chetlatildi.

Ushbu holatdan unumli foydalangan "Neftchi" futbolchilari bor e’tiborlarini hujumga qaratdi. Natijada 39-daqiqada Ikrom Aliboyev gol urib, hisobni tenglashtirdi. 45+6-daqiqada “Paxtakor” jamoasi a’zosi Hojimat Erkinovning ajoyib to‘p uzatmasidan so‘ng Hojiakbar Alijonov raqib jarima maydonchasiga kirib bordi va uni raqiblar o‘yin qoidasini buzgan holda yiqitdi. Uchrashuv bosh hakami Naim Qosimov ushbu voqeani VAR orqali kuzatdi va Farg‘onaning bosh jamoasi darvozasi tomon penalti belgiladi.

Ushbu 11 metrlik jarima to‘pini 45+7-daqiqada milliy chempionatimiz to‘p urari Igor Sergeyev bexato bajardi va jamoasining ikkinchi goliga mualliflik qildi. O‘zbek “El klassikosi”ning ikkinchi bo‘limida jamoalar bir qator xavfli vaziyatlar yaratdi, biroq hisob o‘zgarmadi. Shu tariqa, “Paxtakor” 2:1 hisobida zafar quchib, ochkolarini 39 taga yetkazib oldi va uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. “Neftchi” esa 42 ochko bilan ikkinchi o‘rinda qoldi.
O‘zbekiston Superligasi 21-turidan o‘rin olgan "Qo‘qon 1912" – “Qizilqum” uchrashuvi 2:1 hisobida yakunlandi.
Darvoqe, bugun, Toshkentdagi "Olimpiya" stadioni Superliganing 21-turidan o‘rin olgan "Bunyodkor" va "Xorazm" o‘rtasidagi uchrashuv 18:00 da start oladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA