Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon AQSHdagi “Hyundai” zavodida o‘tkazilgan yirik immigratsiya reydidan keyin koreys firmalari Amerikaga sarmoya kiritishga “juda ikkilanib” qolayotganini aytdi.
O‘tgan hafta Jorjiya shtatidagi batareya ishlab chiqarish korxonasida hibsga olingan 475 ishchining 300 dan ko‘pi Koreya Respublikasi fuqarolari – asosan ishlab chiqarish chizig‘ini o‘rnatadigan mexaniklar ekani aytilyapti.
Hozircha qo‘yib yuborilgan, noqonuniy ishlayotganlikda gumon qilingan bu muhojirlar vataniga qaytarilishi kutilyapti.
Prezident Donald Tramp faoliyatiga yuz kun to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ayni masala bilan bog‘liq vaziyatni “juda chalkash” deya ta’riflagan. Ya’ni, xorijiy zavodlarni ishga tushirish uchun Koreya kompaniyalari xodimlarini vaqtincha AQSHga yuborishi odatiy holga ayoangan.

– Agar endi bunga ruxsat berilmasa, yangi ishlab chiqarish korxonalari ochish yanada qiyinlashadi va kompaniyalar keyingi qadamini o‘ylab bosadi, – degan u.
Ayni payt Seul Vashington bilan viza kvotasini oshirish yoki tegishli tartib doirasida yangi toifa joriy qilish bo‘yicha muzokara olib boryapti. Davlat raxbari AQSH bu masalani “amaliy zarurat” sifatida baholashi lozimligini ta’kidlab, muammoga tez orada yechim topilishiga umid bildirdi.
Darvoqe, hukumat zavodda o‘tkazilgan reydni ma’qullagan. Yuzaga kelgan muammoga qaramay, chet el kompaniyalari mamlakatda ishlashni istasa, immigratsiya qonuniga rioya etishga majburligi eslatilgan. Tramp ijtimoiy tarmoqdagi murojaatida xorijiy firmalarga “amerikaliklarni yollash” zarurligini aytib, chet ellik ishchilarni “tez va qonuniy olib kirish” imkonini yaratishga va’da berdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA