Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi yerlaridan maqsadli va samarali foydalanish, ularni muhofaza qilish hamda yer qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada “O‘zagroinspeksiya” tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan nazorat tadbirlari salmoqli natijalarni ko‘rsatmoqda.
Jumladan, 2025 yilning o‘tgan davri mobaynida “O‘zagroinspeksiya” tomonidan qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish holatini o‘rganish yuzasidan 5 333 ta nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Shulardan 3 468 tasi monitoring, 1 865 tasi esa tekshirishlar shaklida amalga oshirilgan.
Nazorat ishlari davomida 4 420 ta qonunbuzilishi holati aniqlangan. Bu holatlar yuzasidan 1 414 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 1 005 ta yozma ko‘rsatma, 590 ta taqdimnoma va 1 522 ta holat yuzasidan tegishli organlarga ma’lumotlar yuborilgan. Xususan, huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari hamda boshqa vakolatli tashkilotlarga ushbu holatlar yuzasidan jami 1 522 ta hujjat yuborilgan.

O‘rganishlar natijasida aniqlangan holatlar orasida qishloq xo‘jaligi yerlarini maqsadsiz ishlatish va ularni muomaladan chiqarish holatlari alohida e’tiborga loyiq. Bu kabi 1 710 ta holatda jami 283,94 gektar yer maydonida qonunbuzarlik holatlari qayd etilgan.
Xususan, yer turlari bo‘yicha tahlil qilinganda 220,74 gektari sug‘oriladigan, 0,59 gektari lalmi, 52,47 gektari yaylov, 3,14 gektari boshqa turdagi va 7 gektari sug‘oriladigan bo‘z yerlardir.
Qayd etilishicha, qonunbuzilishlar oqibatida qishloq xo‘jaligi yerlari o‘rnini o‘zgartirish, qurilish ishlari olib borish va boshqa maqsadlar uchun noqonuniy ravishda foydalanish holatlari kuzatilgan. Buning natijasida davlat manfaatlariga 162 milliard 810 million so‘mdan ziyod miqdorda iqtisodiy zarar yetkazilgan.

– Joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan nazorat tadbirlari natijasida qishloq xo‘jaligi yerlaridan maqsadsiz foydalanish holatlari ko‘p aniqlandi, – deydi “O‘zagroinspeksiya” qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Adham Mahmudov. – Xususan, ayrim fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan qilingan noqonuniy qurilish ishlari natijasida yuzaga kelgan zarar miqdori yuqori bo‘ldi. Masalan, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi “Qarshi aksiyadorlik jamiyati”ga tegishli 49,7 ball bonitetli 2,5 gektar sug‘oriladigan yerda fuqaro E.R. tomonidan noqonuniy qurilish ishlari olib borilgan. Bu holat tufayli qishloq xo‘jaligiga 2,1 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Shuningdek, Samarqand tumanida ham shunga o‘xshash holat qayd etildi. Talibarzupoyon mahallasida yashovchi fuqaro R.N. tomonidan “Navro‘z” agrofirmasiga tegishli sug‘oriladigan yer maydonida noqonuniy qurilish ishlari amalga oshirilgan. Bu bilan davlat manfaatlariga 22,4 million so‘m zarar yetkazilgan.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, 111 ta holat sudlarga, 987 ta holat prokuratura organlariga, 424 ta holat esa boshqa vakolatli tashkilotlarga ko‘rib chiqish va chora ko‘rish uchun yuborilgan.
Bu kabi nazorat va huquqiy ta’sir choralari qishloq xo‘jaligi yerlaridan maqsadli hamda samarali foydalanishni ta’minlash, yer resurslarini muhofaza qilish va ularning iqtisodiy samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Nilufar Bozorova, O‘zA