Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 21 turining navbatdagi kunida "Qo‘qon-1912" — "Qizilqum" va "Paxtakor" — "Neftchi" klublari o‘zaro raqobatlashadi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, bugun, 13 sentyabr kuni Qo‘qondagi “Markaziy” stadionida "Qo‘qon-1912" jamoasi "Qizilqum"ga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv soat 18:00 da boshlanadi. Ushbu uchrashuv start oladi. Ushbu o‘yinni Ravshan Abdivohidov boshqarib boradi. Unga qonatlarda Islom Azimov hamla Sherzod A’zamov yordam bersa, zaxira hakami sifatida Isroil Imomnazarov ishlaydi.
Kunning ikkinchi bahsi Toshkent shahridagi “Jar” stadionida tashkil etiladi. Unda "Paxtakor" va "Neftchi" jamoalari o‘zaro bahs olib boradi. Bahs 19:00 da boshlanadi. Shu o‘rinda o‘zbek “El klassikosi” deya nom olgan ushbu uchrashuvga oid ayrim faktlarni e’tiboringizga havola etishni lozim topdik.
"Paxtakor" va "Neftchi" milliy chempionatlar tarixida 61 marotaba o‘zaro to‘qnash kelgan. Mazkur bahslarda "Paxtakor" 29 g‘alaba, 10 durang va 22 mag‘lubiyat qayd etgan. O‘tgan o‘yinlarda poytaxt klubi raqib darvozasiga 101 to‘p kiritgan bo‘lsa “Neftchi” hisobida 70 ta gol bor. Klublarning Toshkentdagi bellashuvlarida “Paxtaokr” 21 marotaba ustun kelgan bo‘lsa, 6 ta bahsda farg‘onaliklar g‘alaba qozongan. Uch o‘yin durang bilan tugagan. "Paxtakor" 11 bor raqibni yirik natija bilan dog‘da qoldirgan bo‘lsa, "Neftchi"da bunday g‘alabalar soni uchtani tashkil qiladi. "Paxtakor"ning eng yirik g‘alabasi 6:0, "Neftchi"da esa 4:0 hisoblanadi.
Ayni damda “Neftchi” Superliga jadvalida 42 ochko bilan ikkinchi pog‘onada borayotgan bo‘lsa, “Paxtakor” 36 ochko jamg‘arib beshinchi o‘rindan joy olgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA