Albaniya hukumati davlat xaridlarini nazorat qilish uchun sun’iy intellektni vazir etib tayinladi. Unga “Diella” (quyosh) nomi berildi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Edi Rama ma’lum qildi, deb yozmoqda “Reuters” axborot agentligi.
Ramaning so‘zlariga ko‘ra, davlat tenderlari bo‘yicha qarorlar bosqichma-bosqich vazirliklardan SI vakolatiga o‘tadi.
– “Diella” Vazirlar Mahkamasining jismonan mavjud bo‘lmagan, balki sun’iy intellekt tomonidan virtual tarzda yaratilgan birinchi a’zosidir, - dedi u o‘z nutqida. – Endilikda davlat tenderlari korrupsiyadan 100 foiz xoli bo‘ladi. Barcha davlat mablag‘lari shaffof va to‘liq nazorat qilinadi. Bu — fantastika emas, aniq maqsad.
Bolqon mintaqasida joylashgan Albaniyada korrupsiya tobora avj olayotgani xorijiy nashrlarda ham aytib kelinadi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, bu mamlakat butun dunyo bo‘ylab giyohvand moddalar va qurol-yarog‘ savdosidan tushgan pullarni yuvishga intilayotgan jinoiy guruhlar markaziga aylanib, poraxo‘rlik hokimiyatning yuqori pog‘onalarigacha yetib borgan.
Bu holat o‘lkaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishini murakkablashtirmoqda. Rama bunga 2030 yilgacha erishmoqchi, ammo siyosiy tahlilchilar bu maqsadni “erishib bo‘lmas orzu” deb baholashmoqda.
Rasmiy hukumat “Diella” ustidan inson nazorati bo‘lishi mumkinligi yoki kimdir sun’iy intellekt botini boshqarishi mumkin bo‘lgan xavflar haqida batafsil ma’lumot bermadi.
“Diella” joriy yilning boshida “e-Albania” platformasida sun’iy intellektga asoslangan virtual yordamchi sifatida ishga tushirilgandi. U fuqarolar va tadbirkorlarga davlat hujjatlarini olishda ko‘maklashadi. An’anaviy alban kiyimida “Diella” ovozli buyruqlar orqali yordam beradi va kerakli hujjatlarni elektron muhrlar bilan chiqarib beradi.
O‘.Alimov, O‘zA