Sud Braziliyaning sobiq Prezidenti Jair Bolsonaruni davlat to‘ntarishi ishi bo‘yicha 27 yil-u 3 oyga ozodlikdan mahrum qildi, deb xabar tarqatdi “G1” yangiliklar portali.
– Oliy Federal sudining payshanba kungi birinchi hay’ati mamlakat tarixida misli ko‘rilmagan qaror qabul qilib, sobiq Prezident Jair Bolsonaruni davlat to‘ntarishiga urinishda aybdor deb topdi, – deyilgan xabarda. – Hay’at Bolsonaruning qamoq muddatini 27 yil 3 oy, deb belgiladi. Bundan tashqari Komissiya aybdorni sakkiz yil saylanish huquqidan mahrum qildi. Sobiq yetakchi tarafdorlari esa 26 yilgacha qamaladigan bo‘ldi.
Qaror matniga ko‘ra, eng uzoq hibs muddati sobiq mudofaa vaziri va 2022 yilgi saylovda vitse-prezidentlikka nomzod bo‘lgan Valter Braga Nettoga berilgan – 26 yildan. Dengiz kuchlari sobiq qo‘mondoni Almir Garner va sobiq adliya vaziri Anderson Torres 24 yildan o‘tiradi. General Augusto Heleno 18 yil-u 8 oy, sobiq mudofaa vaziri Paulo Serxio Nogeyra 19 yilga hukm qilindi. Razvedka boshqarmasi sobiq direktori, deputat Aleksandr Ramajem mandatidan mahrum qilindi va unga 16 yildan ziyod qamoq jazosi berildi.
Bu ish bo‘yicha tergov bilan kelishuvga erishgan va aybini tan olgan yagona shaxs – Bolsonaruning sobiq maslahatchisi Mauro Cid ikki yillik cheklangan ozodlik jazosi bilan kifoyalandi. U hatto qamoqdan qutulib qolishi ham mumkin.
Sobiq yetakchi bilan bog‘liq ayblov siyosiy doirada turlicha baholanmoqda. Birov sud adolatli bo‘ldi, siyosatchi qilmishiga yarasha jazosini oldi, desa, boshqasi bu raqibga “siyosiy bosim o‘tkazish” demoqda.
Masalan, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bir necha bor Donald Trampni qo‘llab-quvvatlagan Bolsonaruga hukm chiqarishdan oldin Braziliyani javob choralari bilan qo‘rqitib, jarayonni “siyosiy ta’qib” deb atagandi. Lotin Amerikasi mamlakati Tashqi ishlar vazirligi bunga javoban tahdidlar Braziliya demokratiyasini qo‘rqitolmasligini aytdi.
O‘z navbatida, voqeaga munosabat bildirgan Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro barcha fitnachilar jazolanishi kerakligini ta’kidlagan.
– Har bir fitnachi sudlanishi kerak, bu demokratiya qoidasi, – deb yozdi Kolumbiya rahbari ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
2022 yil oxiridan beri prezidentlik saylovi natijasiga norozilik bildirayotgan Bolsonaru tarafdorlari 2023 yil 8 yanvarda Kongress binosini egallab oldi, Prezident qarorgohi Planalto saroyi hududiga va Oliy sud binosiga bostirib kirdi. Kechga yaqin politsiya talon-taroj qilingan hukumat binolarini namoyishchilardan tozalashga muvaffaq bo‘ldi. Natijada 2000 ga yaqin odam hibsga olindi, 1682 kishiga nisbatan ayblov e’lon qilindi, 375 inson aybdor, deb topildi va bir yildan 17 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi.
S.Rahimov, O‘zA