Toshkent shahrida BMTning Bolalar fondi (YUNISEF) hamda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlarining Birinchi xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.
“Markaziy Osiyo davlatlarida bola huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishning dolzarb masalalari: Bolalar ombudsmanlari mintaqaviy hamkorligi istiqbollari” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Bolalar ombudsmanlari hamda Finlyandiya, Norvegiya, Xorvatiya kabi Yevropa mamlakatlari Bolalar ombudsmanlari va Yevropa Bolalar ombudsmanlari tarmog‘i (ENOC) vakillari, Oliy Majlis palatalari a’zolari, mutasaddi davlat va jamoat tashkilotlari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Forumning kuni kecha bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rexina Kastijio, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Antti Karttunen bolalar huquq va manfaatlarini ta’minlash dolzarb masalalardan biri ekaniga e’tibor qaratdi.

Zotan, dunyo bo‘ylab yuz berayotgan turli notinchlikliklar, faol migratsiya jarayonlarida ko‘proq bolalar aziyat chekmoqda. Ularni himoya qilishga qaratilgan ishlarni kuchaytirish, bir maqsad yo‘lida faoliyat yuritayotgan institutlar hamkorligini kuchaytirish amalda bolalar manfaatlariga xizmat qiladi.
Tadbirning ikkinchi ish kunida O‘zbekiston bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova mamlakatimizda bola manfaatlarini ishonchli ta’minlash yo‘lida izchil islohotlar amalga oshirilayotgani, bu borada xalqaro hamkorlik kengayib borayotganini ta’kidladi.
Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlarining yaqindan aloqalari va hamkorlikdagi sa’y-harakatlari natijasida ijtimoiy og‘ir ahvolda bo‘lgan bolalarni xorijdan o‘z Vataniga qaytarish, buzilgan huquqlarini tiklash, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish hamda zarur hujjatlarni rasmiylashtirish kabi murakkab vaziyatlar yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.

Aytish joizki, bola huquqlarini himoyalash sohasida mintaqada ilg‘or davlatlardan bo‘lgan O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlari muloqoti mintaqaviy platformasini yaratish tashabbusini ilgari surdi.
Ikki kun davom etgan xalqaro forumda bolalarni himoya qilish sohasida konstruktiv tajriba almashildi. Umumiy muammolarni optimal hal etish, mintaqaviy va transmilliy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha yagona yondashuvlar ishlab chiqildi. Markaziy Osiyo davlatlarining Bolalar ombudsmanlari o‘rtasida muloqot va o‘zaro hamkorlikning samarali mintaqaviy platformasi yaratildi.
Forum doirasida bola huquqlarini ta’minlashning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan plenar sessiyalar o‘tkazildi. Ular doirasida Markaziy Osiyo davlatlarining bola huquqlariga oid xalqaro hujjatlar normalarini milliy qonunchilikka joriy etish tajribasi, bolalar vaziyatining milliy monitoringi, Bolalar ombudsmanlarining mintaqalararo va xalqaro hamkorligini rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Internet makonida bolalar xavfsizligini ta’minlash muammolari, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarining oldini olishning samarali mexanizmi, odil sudlovdan samarali foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Anjuman yakunida bola huquqlarini ta’minlash va himoya qilish sohasida Markaziy Osiyoda mintaqalararo hamda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlari forumi deklaratsiyasi qabul qilindi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan ilk bor Toshkentda tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlari forumi endilikda har yili o‘tkazilishiga kelishildi. 2026 yilda navbatdagi forum Qozog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tishi belgilandi.
Norgul Abduraimova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA