Namangan viloyati ma’muriy sudida shahar, tuman hokimliklari hamda davlat va jamoat tashkilotlarining huquqshunoslari uchun seminar o‘tkazildi.
Seminarda qatnashgan Namangan viloyati ma’muriy sudi raisi Zarifaxon Qurbonova Prezidentimizning 2025 yil 21 avgustdagi “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” hamda “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi.

O‘quv seminari davomida ma’muriy sud sudyalari tomonidan mazkur ikki muhim dasturilamal hujjat va uning ijrosi qanday samara berishi xususida ishtirokchilarga ma’lumot berildi. Mamlakatimiz rahbarining mazkur farmonlari qabul qilinishiga sabab bo‘lgan omillarga to‘xtalib o‘tildi.


Anjumanda ishtirok etgan sud tizimi mas’ullarining fikr-mulohazalariga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisining muhim va tarixiy farmonlarining hayotga tatbiq etilishi odil sudlovning ochiqligi va xalqchilligini yanada takomillashtirish, sohani raqamlashtirish orqali jismoniy va yuridik shaxslarga qulayliklar yaratish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.