Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi. Unda qayd etilishicha, markazda elektr va issiqlik energiyasi mazut yoqilg‘isidan emas, aksincha, faqat tabiiy gaz asosida ishlaydigan zamonaviy qurilmalar orqali ishlab chiqarilmoqda.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan 2024 yilda mazkur markazda umumiy quvvati 64 MVt bo‘lgan yangi gaz-turbinalari ishga tushirilgan. Ushbu qurilmalar orqali yiliga 515 million kVt⋅soat elektr va 630 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilib, poytaxt aholisi va iqtisodiyoti ehtiyojlari qondirilmoqda.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida atmosfera havosini yaxshilash va ekologik xavfsizlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Markazda o‘rnatilgan 3 ta zamonaviy gaz-turbinali qurilmada maxsus ekopostlar ishlab turibdi. Ular orqali atmosferaga chiqarilayotgan gazlar doimiy ravishda monitoring markazi nazoratida tahlil qilinadi.
Energetika sohasida xalqaro hamkorlik doirasida “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati va Turkiyaning "Iltekno” kompaniyasi bilan hamkorlikda Chilonzor, Olmazor va Sergeli tumanlarida zamonaviy kogeneratsiya markazlari bunyod etildi. Ushbu inshootlarda so‘nggi avlod texnologiyalari joriy qilinib, past bosimdagi tabiiy gazdan ham samarali foydalanish imkoniyati yaratilgan. Bu esa elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish jarayonini yanada samarali va ekologik xavfsiz qilishga xizmat qilmoqda.
Yana shunday zamonaviy qurilmalar Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Shayxontohur, Uchtepa, Mirobod, Yashnobod va Yangihayot tumanlarida ham joriy etilishi belgilangan.
Markaz Toshkent shahrining o‘zida joylashgani bois, shahar ekologiyasi va ko‘rkini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida 2025 yilning o‘zidayoq 5 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi, deyiladi xabarda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA