O‘zbekistonda ta’lim tizimining barcha yo‘nalishlari, ayniqsa, maktabgacha ta’lim sohasida izchil islohotlar olib borilmoqda. Bu boradagi harakatlar, bir tomondan, yosh avlodning intellektual va ijtimoiy rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilsa, boshqa tomondan jamiyatda sifatli turmush tarzini shakllantirishga zamin yaratmoqda.
Xalqaro tajribalar shuni ko‘rsatadiki, bolaning ilk yoshlarida olgan ta’limi uning keyingi hayoti va kasbiy faoliyatida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu bois, maktabgacha ta’limga sarmoya kiritish nafaqat ta’limga, balki mamlakat kelajagiga yo‘naltirilgan uzoq muddatli strategik qaror hisoblanadi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda mamlakat bo‘ylab maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 33 ming 705 ta yangi qo‘shimcha o‘rin foydalanishga topshirilgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 16,5 foizga oshgan bo‘lib, tizimda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samarasini yaqqol namoyon qilmoqda. Qolaversa, yaratilgan qo‘shimcha o‘rinlarning 10 ming 410 tasi shaharlarda, 23 ming 295 tasi esa qishloq joylarda ekani maktabgacha ta’limni hududlar bo‘yicha muvozanatli rivojlantirishga bo‘lgan e’tiborni aks ettiradi.
Bu raqamlar ortida nafaqat binolar sonining oshgani, balki ta’lim sifati, pedagogik kadrlar tayyorlash, oilalarning ta’limga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash kabi muhim omillar yotadi. Zero, maktabgacha ta’lim muassasalarining mavjudligi ularning sifatli faoliyat yuritishini kafolatlamaydi. Asosiy masala - mavjud imkoniyatlardan maksimal darajada samarali foydalanish, bolalarning individual ehtiyojlarini inobatga olgan holda o‘quv-tarbiyaviy jarayonni tashkil etish.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA