Davlat xizmatlari markazlari yangi tashkil etilgan 2017 yilda 37 turdagi xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozir ularning soni 467 taga yetdi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni esa 771 tani tashkil etmoqda.
Tashrif buyuruvchilar uchun qulay, ko‘rkam bo‘lgan 208 zamonaviy va innovatsion davlat xizmatlari markazlari faoliyat yuritmoqda. 200 ga yaqin mahallada 24/7 tartibida ishlaydigan interaktiv kiosklar o‘rnatilib, ular orqali 60 ga yaqin davlat xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Davlat xizmatlarini foydalanuvchi uchun qulay shakllari (user-friendly)ni yo‘lga qo‘yish, ortiqcha ovoragarchilikning oldini olish va masofadan turib davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati kengaytirildi. 21 turdagi davlat xizmatini “proaktiv”, 68 tasini “kompozit” shakllarda hamda 26 tasini avtomatlashtirilgan tartibda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. 200 ga yaqin davlat xizmati “3 qadam” hamda “foydalanuvchi uchun moslashtirilgan” tamoyillari asosida soddalashtirildi.
Albatta, bu soha bo‘yicha ham odamlarni o‘ylantirayotgan masalalar yo‘q emas. Masalan, ayrim xizmatlar narxlari aholi uchun maqbul emas.
Shuni hisobga olib, xizmatlar narxlarini minimallashtirish choralari ko‘rilmoqda. Misol uchun, gar davlat xizmatidan, shu jumladan, litsenziya, ruxsatnoma olish, davlat ro‘yxatidan o‘tish va boshqa xizmatlardan foydalanish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP – my.gov.uz) yoki uning mobil ilovasi orqali murojaat qilinsa, belgilangan davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarni amalga oshirishda o‘n foiz chegirma beriladi.
Ya’ni, muayyan bir xizmatdan foydalanish uchun davlat xizmatlari markazlari (DXM) yoki vakolatli organlarga bevosita murojaat etilganda, tegishli to‘lovlar to‘liq undiriladi.
Xizmatdan foydalanish uchun YAIDXP orqali murojaat etilganda esa mazkur to‘lovlarning har birini 90 foiz miqdoridagi chegirmalar bilan amalga oshirish imkoniyati mavjud.
Jumladan, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunning 22-1-moddasiga ko‘ra, har qanday davlat xizmatini olish, shu jumladan, litsenziya, ruxsatnoma olish, davlat ro‘yxatidan o‘tish va boshqa xizmatlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali mustaqil ravishda murojaat etilganda davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar davlat xizmatlari markazlari orqali yoki xizmat ko‘rsatuvchi organlarga bevosita murojaat etilgan taqdirda to‘lanadigan summaning 90 foizi miqdorida undiriladi.
Bundan tashqari, YAIDXP yoki uning mobil ilovasi orqali murojaat etilganda, bevosita DXM yoki vakolatli organlarga murojaat etilganda, to‘lanadigan pullik xizmatlar uchun to‘lovlar amalga oshirilmaydi.
YAIDXPning qo‘shimcha afzalliklari shundaki, tizim uzluksiz va navbatsiz 24/7 rejimda ishlaydi. Bir joyda 700 dan ortiq davlat xizmati va qo‘shimcha servislardan foydalanish mumkin. Bir joyda jamlangan 10 dan ortiq shaxsiy ma’lumotlar bilan tanishish va foydalanish mumkin. Bularning hammasi uydan yoki ish joyidan tashqariga chiqmagan holda amalga oshiriladi. Xizmatlar uchun to‘lovlarni masofadan turib to‘lash imkoni bor. Ortiqcha sarsongarchilikning oldi olinadi hamda idorama-idora yurishga zaruriyat qolmaydi.
Hujjatlar QR-kod bilan rasmiy maqomga ega holda shakllanadi va ishonchli himoyalanadi. 1242 qisqa telefon raqami hamda sun’iy intellekt asosidagi operator, shuningdek jonli operator orqali 24/7 rejimidagi qo‘llab-quvvatlash xizmati mavjud.
Davlat xizmatlari markazlari orqali 2023 yilda 8,8 million, 2024 yilda 12,3 million, 2025 yil 6 oylikda 12,7 million, my.gov.uz orqali 2023 yilda 22,6 million, 2024 yilda 33,7 million, 2025 yil 6 oylikda 20,7 million davlat xizmati ko‘rsatilgan.
O‘rtacha xizmat ko‘rsatish vaqti 2023 yilda 15 daqiqani tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 10, 2025 yilda 4 daqiqani tashkil etmoqda.
Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar samaradorligi natijasida O‘zbekiston “Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoda 8-o‘rinni egallagan.
Norgul Abduraimova, O‘zA