Nyu-Yorkda O‘zbekiston Respublikasi va Sent-Lyusiya o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma kommyunikeni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ҳужжат ikki davlat hukumatlari nomidan mamlakatimizning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Sent-Lyusiyaning BMTdagi doimiy vakili Menissa Rambali tomonidan imzolandi.
Tomonlar xalqaro tashkilotlar, eng avvalo BMT va ushbu tuzilmaning ixtisoslashgan muassasalari doirasida sheriklikni rivojlantirish, shuningdek siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini topish uchun ikki tomonlama aloqalarni faollashtirishga tayyorliklarini tasdiqladi.
Kommyunike imzolanishi O‘zbekiston Karib havzasi davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlashi yo‘lida muhim qadam bo‘lishi ta’kidlandi. Sent-Lyusiya mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan 163-davlat bo‘ldi.
A.Alimova, O‘zA