Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasida kurashni rivojlantirish, uning ommaviyligini ta’minlashda xizmat qilib kelayotgan murabbiy-mutaxassislar, nufuzli musobaqalarda vatanimiz sport sharafini munosib himoya qilib kelayotgan sportchilarni taqdirlash marosimida e’lon qilindi.
Sport vaziri o‘rinbosari Murod Ismoilov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Qodirov va boshqalar ishtirok etgan tadbirda bir guruh kurash mutaxassislari, murabbiylar, sportchilarga “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishonlari hamda faxriy yorliqlar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi natijasida kurash xalqaro maydonda keng rivoj topayotgani, qisqa fursatda yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilishi xalqimizga cheksiz iftixor bag‘ishlagani ta’kidlandi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi O.Qosimov tadbir davomida Osiyo olimpiya kengashi va III yoshlar Osiyo o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida kurash 22-31 oktyabr kunlari Bahraynda o‘tadigan yoshlar o‘rtasidagi qit’a o‘yinlari dasturiga kiritilishi borasida kelishuvga erishilgani milliy qadriyatlarimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori yuksalishida muhim qadam bo‘lganini bildirib o‘tdi.
Darhaqiqat, ota-bobolarimizdan meros qadriyatning yoshlar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan “kichik olimpiada” dasturidan o‘rin egallashi, o‘zbekona ibora va so‘zlar dunyo uzra baralla yangrayverishidan dalolat.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/DfQUaRsN6_8" title="Kurash III yoshlar Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>T.Ro‘ziyev,
A.Sodiqov (video), O‘zA