Sudlovning ochiqligi va xalqchilligini ta’minlash, raqamlashtirish orqali fuqarolar hamda yuridik shaxslarga qulaylik yaratish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha yechimini kutayotgan masalalar ham bor.
Shu muammolarga barham berish, sudlar faoliyatini shaffof, tezkor va fuqarolar uchun yengillik yaratish maqsadida Prezidentimizning 2025 yil 21 avgustda “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.
Farmonda nafaqat raqamlashtirish, balki sun’iy intellektni sud ishlariga tatbiq etish, sud binolarini yangilash, odamlar uchun qulay elektron xizmatlar yaratish kabi qator yangiliklar haqida so‘z yuritilgan.
Endilikda “Raqamli sud” tushunchasi hayotimizga kirib keladi. Ya’ni sudga ariza elektron tarzda yuboriladi. Sud majlislarida uydan chiqmagan holda, masofadan ishtirok etish, hujjatlar bilan elektron ravishda tanishish mumkin. Sud xarajatlari onlayn hisoblanadi va to‘lanadi. Sud bayonnomalari avtomatik tarzda tayyorlanadi va sun’iy intellekt yordamida sud qarorlarining loyihasi shakllantiriladi.
2025 yil yakuniga qadar “Raqamli sud” tajriba tariqasida Toshkent shahrida yo‘lga qo‘yiladi. Bu yerda fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud majlislari yangi formatda o‘tkaziladi. 2026-2027 yillarda esa respublikamizning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Farmonda joriy etiladigan xizmatlar orasida bir qator qulayliklar nazarda tutilgan. Jumladan, sudga murojaat qilishdan avval sun’iy intellekt sizga sudning ehtimoliy qarori va xarajatlarini taxmin qilib beradi. “my.sud.uz” portali orqali virtual maslahatchi huquqiy yordam ko‘rsatadi. Sud hujjatlarini elektron ko‘rinishda olish, javobni onlayn kuzatish imkoni yaratiladi. Shuningdek, sud yig‘ilishlarida ishtirok etuvchilar uyidan chiqmagan holda platformalar orqali qatnashadi.
Inson haq-huquqlarini ta’minlash, adolatni tez va shaffof yetkazish, fuqarolarning ishonchini oshirishga qaratilgan ushbu farmon sun’iy intellekt vositasi, axborot texnologiyalari bugun faqat zamonaviylik emas, balki adolatga tezroq yetkazuvchi vosita ham ekanligini ko‘rsatmoqda.
Ya’ni endi sudga borish uchun qog‘ozbozlik, sarson bo‘lish, advokat topolmay ovora bo‘lish davri tugaydi. Hammasini smartfon yoki kompyuter orqali hal qilish mumkin bo‘ladi.
“Raqamli sud” faqat texnik loyiha emas – bu yangi yuz, yangi nafas, yangi huquqiy madaniyatdir.
Akbar Xolto‘rayev,
Navoiy tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi.
O‘zA