Teatr madaniyat, ma’naviyat maskani sifatida insonning ichki dunyosini boyitish va ruhiyatini tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi.
Teatr san’ati madaniyatimizni dunyoga tanitadigan, xalqimiz tarixini, madaniyati va an’analarini, milliy qadriyatlarini keng targ‘ib etadigan vositadir. Teatr tomoshalariga kirgan inson borki, u yerdan ruhan va qalban poklanib, ma’naviy ozuqa olib chiqadi, albatta.
Yaqinda Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatrining yangi — 87-mavsumi tantanali ravishda ochildi. Yangi ijodiy mavsum tarixiy asar — “Nodirabegim” spektakli bilan boshlandi. Mazkur sahna asari O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev tomonidan bundan 33 yil avval sahnalashtirilgan. Teatrning yangi mavsumi aynan ushbu asar bilan boshlangani bejiz emas. Chunki bu yil Bahodir Yo‘ldoshev tavalludiga 80 yil to‘lgani munosabati bilan tomosha ustoz san’atkorning xotirasiga bag‘ishlandi.
Tarixdan ma’lumki, Qo‘qon xonligida o‘zaro taxt uchun kurashlar, fitnalar uning zaiflashib borishiga sabab bo‘lgan. Qo‘qon xoni Umarxon vafotidan so‘ng uning 12 yoshli o‘g‘li Muhammad Alixon taxtga o‘tirgan. Xon yosh bo‘lgani uchun davlatni dastlabki davrda onasi Nodirabegim boshqargan. Spektaklda Madalixon (Muhammad Alixon) yoshlik qilib, fitnalarga uchgani, Nodirabegim esa donolik bilan o‘g‘illarini murosaga keltirishga intilgani, xalqni qo‘llab-quvvatlashi hamda Qo‘qon xonligiga ko‘z tikkan Buxoro amiri Nasrulloxon huzuriga bosh egib borib, uni ittifoqchilikka da’vat etgani namoyish etilgan.
Har bir obraz mahorat bilan ijro etildi. E’tiborlisi, spektakl teatrning ustoz san’atkorlari bilan birga O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari ishtirokida taqdim etildi. Nodirabegim, Amir Nasrullo, Madalixon, Qora Mirza, Hoji Farrux, Kanizak va Hojidarg‘a kabi obrazlar talaba yoshlar tomonidan mohirlik bilan gavdalantirildi, spektaklga yangicha ruh olib kirildi. Bo‘lajak yosh aktyor va aktrisalarning mahorati, sahnada o‘zini tutishi, rolini o‘z maromiga yetkazib ijro etgani muxlislarning tomosha so‘ngidagi davomiy olqishlarida yana bir bor o‘z aksini topdi.
Madaniyat va san’atning ta’lim bilan uzviy hamkorligi, talabalarning teatrlarda amaliy mashg‘ulotlarni olib borishi, ustoz san’atkorlardan tajriba o‘rganishi teatr san’ati kelajagi uchun ham, mahoratli ijodkorlarning yetishib chiqishida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur spektakl har bir tomoshabinda o‘ziga xos xulosalar chiqarishga, tariximizga nazar tashlashga va albatta, madaniy hordiq olishga xizmat qildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/mJ98iMD_GxY" title="“Nodirabegim” tarixiy spektakli yangicha shukuhda namoyish etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova,
Iskandar Ismatov (video), O‘zA