Bugungi kunda ko‘pchilik uchun kredit olish odatiy holga aylangan. Ba’zi hollarda uy-ro‘zg‘or buyumlaridan tortib, telefon, avtomobil olish, hatto to‘y marosimlarigacha kredit orqali amalga oshirilmoqda. Aslida, bu moliyaviy vosita insonlar uchun imkoniyat eshiklarini ochishi mumkin. Ammo afsuski, har doim ham bu imkoniyatlar ongli qarorlar bilan bog‘liq emas. Kreditning mohiyati, shartlari va oqibatlari yetarlicha tushunilmagani sababli, ko‘plab odamlar moddiy va ruhiy inqirozlarga yuz tutmoqda.

Ko‘pchilik kredit oladiganlar eng oddiy savollarni ham o‘ziga berib ko‘rmaydi. “Bu narsa menga hozir kerakmi?”, “Men bu qarzni qanday va qancha muddatda to‘layman?”, “Foiz stavkasi qancha va umumiy to‘lov summasi qanchaga tushadi?” Shunday oddiy, ammo muhim savollarga javob topmasdan, odamlar shunchaki “hozir olish, keyin to‘lash” tamoyiliga amal qilmoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston aholisining aksariyat qismida moliyaviy savodxonlik darajasi yetarli emas. Aholining katta qismi oddiy bank atamalarini tushunmaydi, kredit shartnomasini to‘liq o‘qimaydi va foiz stavkalarini taqqoslamaydi. Natijada esa, o‘ziga og‘irlik qiladigan to‘lov majburiyatlarini oladi, yillab kredit to‘laydi va boshqa zarur ehtiyojlaridan voz kechadi. Ko‘p hollarda, noaniq firmalar yoki kredit tashkilotlari tuzog‘iga tushadi. 

Yana bir xavotirli holat kreditni zarurat uchun emas, balki tashqi ko‘rinish, obro‘ yoki “odamlardan qolmaslik” uchun olishdir. Qimmatbaho smartfonlar, mashinalar, dabdabali to‘ylarning hammasi ko‘p hollarda kredit asosida amalga oshirilmoqda.

To‘y qilish uchun kredit olish, moliyaviy tomondan unchalik barqaror bo‘lmagan oilaning hayotini yanada qiyinlashtiradi. To‘y – bir kunlik, ammo kredit – yillik. Natijada yosh oilalar hayotining ilk yillarini qarz bilan boshlaydi. Bu esa nafaqat iqtisodiy, balki ruhiy bosimga ham olib keladi.

Bugun 18 yoshga to‘lgan har bir fuqaro, faqat pasport asosida, deyarli har qanday narsa yoki xizmatni kreditga olishi mumkin. Bu jarayonning soddaligi ko‘pchilik uchun qulay, biroq ayni vaqtda xavfli ham. Har kim o‘z moliyaviy holatini to‘liq tushunmay turib, uzoq muddatli moliyaviy majburiyatni zimmasiga olmoqda.

Kredit tashkilotlari esa ko‘pincha qarz oluvchining moliyaviy savodxonligini baholamaydi. Ularning asosiy maqsadi – kredit berish, shartnoma tuzish, foiz hisobidan daromad olish. Bu yerda aholi manfaatlarini himoya qiluvchi vositalar yetarli darajada yo‘q.

Mavjud holatlarni barqarorlashtirish uchun avvalo, aholi moliyaviy savodxonlik darajasiga ega bo‘lishi lozim. Maktab, kollej va oliy o‘quv yurtlarida moliyaviy bilim asoslarini o‘qitish va OAVda kredit va moliyaviy boshqaruv bo‘yicha doimiy tushuntirishlar berib borish maqsadga muvofiq. Kredit olayotgan har bir inson sharoitdan kelib chiqib harakatlanishi lozim. O‘z daromad va xarajatlarini tahlil qilib, qarz yukini ko‘tara olish-olmasligini aniqlab, har bir shartnomani batafsil o‘rganish, tushunarsiz joylar bo‘lsa, vaziyatni aniqlashtirishi kerak. Qolaversa, turli xil reklama kontentlari va bannerlarda faqatgina kredit olishga undovchi emas, kreditni olish ketma-ketligi va to‘lash jarayonlari ham batafsil tushuntirilishi lozim.

Kredit – to‘g‘ri ishlatilsa, odamga katta yordam beradigan vosita. U orqali o‘qish, davolanish, biznes boshlash yoki uy-joy masalasini hal qilish mumkin. Ammo u noto‘g‘ri ishlatilsa, og‘ir moliyaviy yuk, doimiy stress va barbod bo‘lgan rejalar sababchisiga aylanadi. Shuning uchun har bir inson avvalo o‘zining moliyaviy holatini tushunishi, kredit shartlarini to‘liq o‘rganishi va eng asosiysi, kerakli va keraksiz narsani ajrata olishi zarur. Odamlar ko‘ziga yaxshi ko‘rinishdan ko‘ra, o‘zining barqaror hayotini qurishga harakat qilgan afzal. Har bir qarz bu kelajakdagi mehnat. Uni ongli ravishda olish savodli jamiyat sari tashlangan muhim qadam.

Dildora DO‘SMATOVA

O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kredit – yordam vositasi, ammo katta mas’uliyat ham