Huquqiy munosabat
Konstitutsiyamizning 52-moddasiga ko‘ra, mamlakatimizda o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi. Shu sabab mamlakatimizda ularga keng imkoniyatlar yaratilgan. Mazkur imkoniyatlardan biri ularning davlat bojidan ozod etilishidir.

Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu bo‘yicha quyidagicha tushuntirish berdi:
– O‘zbekiston Respublikasining "Davlat boji to‘g‘risida"gi qonuniga ko‘ra pedagoglar davlat bojidan ozod etiladi. Unga ko‘ra, "Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunning 8-modda 5 prim 2 bandiga ko‘ra, Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda pedagog xodimlar kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida o‘z sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish bilan bog‘liq ishlar yuzasida davlat bojidan ozod etiladi.
Ushbu qonunning 10-moddasi 19-bandiga ko‘ra, pedagog xodimlar kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida pedagog xodimlarning huquqlarini buzayotgan davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan ma’muriy sudga shikoyat qilganda davlat bojidan ozod etiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA