Oliy Majlis Senatiga Malayziya Senati Raisi o‘rinbosari Nur Jazlan Mohamad boshchiligidagi parlament delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, ko‘p qirrali hamkorlik va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, muntazam muloqot va qonunchilik sohasida tajriba almashishning muhimligi qayd etildi.
Parlamentlararo do‘stlik guruhlarining muloqotini faollashtirish va doimiy yig‘ilishlarni o‘tkazish, unda davlat rahbarlari va hukumatlararo erishilgan kelishuvlar ijrosi yuzasidan ta’sirchan parlament nazoratini kuchaytirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, doimiy muloqot va yig‘ilishlarni o‘tkazish yuzasidan takliflar bildirildi.

Ikki xalq o‘rtasida umumiy tarix, din, urf-odatlar va qadriyatlarga asoslangan azaliy rishtalar mavjudligi ta’kidlandi. Davlat rahbarlari o‘rtasidagi ochiq va konstruktiv muloqot ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga mustahkam poydevor bo‘layotgani qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, ta’lim, turizm va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Malayziyaning yetakchi ta’lim muassasalari bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yish, ta’lim forumlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Islom va madaniyat sohalarida tadqiqotlar borasidagi hamkorlik, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi va Xalqaro islom akademiyasining Malayziya ilmiy muassasalari bilan aloqalari ijobiy baholandi. Malayziyada o‘tkazilayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlarining ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo munosabatlarni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA