Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida fraksiya a’zolari dastlab Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2025 yil birinchi yarim yilligidagi ijrosini tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qildilar.
Deputatlar partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda ta’lim-tarbiya, darsliklar, madaniy meros va turizm masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Jumladan, ta’limga ajratilgan mablag‘lar yetarlicha o‘zlashtirilmagani masalasi ko‘tarildi. Masalan, joriy o‘quv yili boshlanganiga qaramay, darsliklar uchun ajratilgan mablag‘ning atigi 75 foizi o‘zlashtirilgan. Bu esa umumta’lim maktablarida darsliklar bilan bog‘liq muammolarni yuzaga keltirishi shubhasiz.

Bundan tashqari, bog‘chalarni kitob va qo‘llanmalar bilan ta’minlash masalasiga to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, mamlakatimizda yetti mingga yaqin davlat bog‘chalari bor. Ammo ular uchun chop etilayotgan kitoblar nusxasi 1000 nusxadan oshmayapti. Fraksiya a’zolari bolalarda kitob o‘qish ko‘nikmasi bog‘chadan boshlanishini ta’kidlab, bu borada vazirlik bolalarbop kitob va didaktik qo‘llanmalarni nashr etish va MTTlarga yetkazib berishi zarurligini qayd etdilar.

Shuningdek, fraksiya rahbari Alisher Qodirov Transport vazirligi mutasaddilariga "Uzbekistan Airways" AJ aviakompaniyasi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan yo‘lovchilarga qulaylik yaratish, chiptalarni bemalol sotib olish imkonini yaratish, turizm rivojiga hissa qo‘shish borasida qanday choralar ko‘rilayotgani haqida izoh so‘radi:

— Qachon samolyot va poyezdlarimizga bemalol chipta sotib olish imkoni bo‘ladi? Samolyotlar soni qachon ko‘paytiriladi? Yurtimizning tarixiy va turistik shaharlariga sayyohlar kelyapti, ammo buning uchun infratuzilma yetarli emas. Turistik shaharlarimizga xohlagan paytda samolyotda keta olish imkoni yo‘q, chunki har kunlik reys mavjud emas. Yo‘lovchi oqimi ko‘p, ammo sharoit yetarli emas. Transport vazirligi turizm rivojiga yetarli darajada hissa qo‘shmayapti. Bu borada uzoq yilga mo‘ljallangan strategiyasi ham mavjudligiga shubhamiz bor.

Bundan tashqari, ayrim turistik ob’ektlarga olib boradigan transport yo‘llarining ahvoli abgor holatda. Masalan, ko‘p ming yillik tarixga ega Sarmishsoyga boradigan yo‘l achinarli. Bu kabi muammolarni bartaraf etish turizm imkoniyatlarimizni yanada oshiradi. Buning uchun Turizm qo‘mitasi ham tashabbuskor bo‘lishi lozim, — dedi fraksiya rahbari.
Shuningdek, yig‘ilishda Madaniy meros agentligiga ajratilgan mablag‘larning 59 foizi o‘lashtirilgani, muzeylar moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun o‘zlashtirilgan mablag‘ esa atigi 18 foizni tashkil qilgani aytilib, agentlik vakillaridan izoh so‘raldi.
Muhokamalarda ko‘tarilgan barcha savollar bo‘yicha tegishli mutasaddilarning javoblari tinglandi. Byudjet ijrosida samaradorlikni ta’minlash, sohalardagi muammolarni hal etishda mablag‘lardan maqsadli foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA