Oliy ta’lim tizimida talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi uzoq yillar davomida eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib kelgan. Ayniqsa, o‘z hududidan tashqaridagi oliygohlarda tahsil olishni boshlagan yoshlar uchun yotoqxona juda ham muhim.
2017 yilda 228 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, ularning quvvati 59,5 ming o‘rinni tashkil etar, talabalar ehtiyojining atigi 28 foizini qoplardi, xolos. Shu bois bu sohada islohotlar olib borish hayotiy zarurat edi.
Bugun esa manzara tubdan o‘zgargan. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzovaning O‘zAga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yili boshiga kelib yotoqxonalar soni 386 taga yetdi, joylar quvvati esa 156 ming o‘rindan oshdi. Talabalarning turar joy bilan ta’minlanish darajasi 55 foizga yetdi. Bu, davlatimizning yoshlarga qaratgan alohida e’tibori, oliy ta’lim tizimidagi islohotlar va amaliy g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasidir.

Talabalar turar joylariga yoshlarimizni joylashtirish masalasiga keladigan bo‘lsak, jarayon raqamlashtirilib, Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali amalga oshiriladigan tizimga aylandi. Bu ortiqcha sarsongarchilik va qog‘ozbozlikka chek qo‘yib, talabalar turar joylarining adolatli taqsimlanishiga imkoniyat yaratmoqda. Avvalo, imtiyoz va ustuvorlikka ega toifadagi yoshlar: «Mehribonlik uylari» tarbiyalanuvchilari, ota-ona qaramog‘idan mahrum talabalar, ijtimoiy himoya tizimida qayd etilgan oilalar farzandlari, nogironligi bo‘lgan yoshlar, xorijdan kelib tahsil olayotgan talabalar hamda o‘qishda va jamoat ishlarida faol bo‘lgan talabalar birinchi bo‘lib joy bilan ta’minlanadi.
Shundan so‘ng qolgan o‘rinlar umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun belgilangan tartib asosida taqsimlanadi. Bu jarayonda asosiy e’tibor birinchi kurs talabalariga qaratilgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi yotoqxona bilan ta’minlanishi nazarda tutilgan. Ikkinchi va yuqori kurslardagi talabalar esa qolgan o‘rinlardan bahramand bo‘ladi. Arizalar qabuli o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi. Ya’ni, talabalar turar joyida bo‘sh o‘rinlar vujudga kelsa, navbatdagi talaba shu o‘rindan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzovaning so‘zlariga ko‘ra, agar talabaga yotoqxonadan turar joy topilmasa, davlat uning ijara xarajatlarini qoplab beradi.
– Aslida, dunyoda bunday tizim ko‘p uchramaydi: talabalar ijara masalasini mustaqil hal etishi tabiiy hol deb qaraladi. Shu ma’noda, yurtimizdagi ushbu tartib yoshlarning manfaatini himoya qilishga qaratilgan noyob tajribadir, deydi Nazokat Abduqunduzova. – Bu jarayon ham to‘liq raqamlashtirilgan. Talaba arizani har oyning yettinchi sanasiga qadar kontrakt.edu.uz axborot tizimi orqali taqdim etadi va kompensatsiya miqdori shartnomada ko‘rsatilgan muddat davomida muntazam ravishda, har oy shaxsiy kartasiga o‘tkazib beriladi. Birinchi kurs talabalari sentyabr va oktyabr oylarida ijara shartnomasisiz ham kompensatsiya olish huquqiga ega. Noyabrdan boshlab esa ijara shartnomasi talab etiladi. Ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun esa shartnoma tuzilishi shart. Agar bir turar joyda bir nechta talaba yashasa, barchasining ismi shartnomada ko‘rsatilishi zarur. Shu bilan birga, doimiy yashash manzili tahsil olayotgan oliygoh joylashgan shahar yoki tumanda bo‘lgan talabalar kompensatsiyadan foydalanmaydi. Kompensatsiya miqdori hududga qarab belgilangan: Toshkent shahrida tahsil oluvchilar oyiga 1 BHMda, boshqa shahar va tumanlarda o‘qiyotganlar esa oyiga yarim BHMda kompensatsiya oladi. Mablag‘lar har oyning 15-sanasiga qadar talabaning shaxsiy plastik kartasiga o‘tkazib beriladi.
Xulosa qilib aytganda, talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi endilikda ancha yengillashdi. Yotoqxonalar soni va o‘rinlari ko‘payib, ko‘plab talabalarga qulay sharoit yaratilmoqda. Shuningdek, yotoqxonada joy yetmaganlar uchun ijara haqi davlat tomonidan qoplab berilishi ham talabalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir. Bu bilan har bir talaba o‘zini davlatimizning e’tiborida ekanini his qiladi va butun diqqatini bilim olishga qaratadi.
Shuni ham alohida qayd etish joizki, agar mulkdor uyni biror shaxsga ijaraga bersa soliq to‘lasa, uyini talabalarga ijaraga berganda esa daromad solig‘idan ozod qilinadi. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, Soliq kodeksining 378-moddasi 19-bandiga ko‘ra, uy-joyni talabalarga ijaraga berishdan keladigan daromad soliqdan ozod qilingan.
Aslida, Soliq kodeksining 375-moddasiga ko‘ra, mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromad mulkiy daromadlar toifasiga kiradi va jami daromad hisobiga qo‘shilib, daromad solig‘i solish ob’ekti sanaladi. Shuningdek, Soliq kodeksining 381-moddasiga asosan, bu daromaddan 12 foiz soliq undiriladi.
Talabalar bilan shartnoma tuzgan ijarachilarga 40 mlrd. so‘mlik soliq imtiyozi berildi. Soliq organlarida 515 mingdan ortiq ijara shartnomalari hisobga qo‘yildi. Ushbu shartnomalar bo‘yicha 600 mlrd. so‘mga yaqin soliqlar hisoblangan.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 1 avgust holatiga, jismoniy shaxslar o‘rtasida tuzilgan 356,1 mingta ijara shartnomasi asosida 445 mlrd. so‘m daromad solig‘i hisoblanib, 2024 yilning mos davriga nisbatan ijara shartnomalari soni 9,1 foiz va hisoblangan daromad solig‘i summasi 46,6 foizga oshdi.
Yuridik shaxslar o‘rtasida tuzilgan 159,1 mingta ijara shartnomasi asosida 154,5 mlrd. so‘m soliq hisoblanib, 2024 yilning mos davriga nisbatan ijara shartnomalari soni 14,1 foiz va hisoblangan soliq summasi 34,7 foizga oshgan.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, uy-joylarni talabalarga ijaraga bergan soliq to‘lovchilar daromadlari soliqdan ozod etilgan. Yanvar-iyul oylarida daromad solig‘idan 40,7 mlrd. so‘m imtiyoz qo‘llanildi. Talabalar bilan 65,3 mingdan ortiq ijara shartnomasi tuzilgan. Ijarada turuvchi talabalar soni 95 307 nafarni tashkil etdi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA