Samarqandda davom etayotgan “Grand Swiss-2025” turnirining 4-tur o‘yinlari aksariyati durang bilan yakunlandi.
Turning markaziy o‘yinlaridan biri turnir peshqadami eronlik Parham Magsudlu va Nodirbek Abdusattorov o‘rtasida kechdi.

Hamyurtimiz qora donalarda harakatlanishiga qaramay eronlik shaxmatchi bilan teng kurashda durangga erishdi.
Shuningdek, shaxmatchilarimizdan Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov, Muhammadzohid Suyarov raqiblari bilan murosa yo‘lini tanlagan bo‘lsa, Muhiddin Madaminov, Jahongir Vohidov, Abdumalik Abdusalimov raqiblariga imkoniyatni boy berishdi.

Mazkur turda mahoratli shaxmatchimiz Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda ukrainalik Yuriy Kuzubovni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi va 3 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 12-o‘ringa ko‘tarildi.
Ayollar o‘rtasidagi musobaqada 2-turda hamyurtimiz Umida Omonovani mag‘lub etgan FIDE bayrog‘i ostida turnirda qatnashayotgan Katerina Lagno ushbu turda xitoylik Yuxin Songni yengib, 3,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga yetakchiga aylandi. 2-o‘rinda borayotgan hindistonlik Vaishali Rameshbabu hisobida ham 3,5 ochko mavjud.

Shaxmatchi qizlarimizdan Afruza Hamdamova va Umida Omonova 4-turda muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa, Gulruhbegim Tohirjonova va Madinabonu Xalilova durangga erishdi. Guldona Karimova raqibiga ochko taqdim qildi.
Samarqand bahslarida qatnashayotgan yetakchi shaxmatchilarning natijalariga e’tibor qaratsak, jahon chempioni hindistonlik Dommaraju Gukesh hamyurti Arjun Erigaisi bilan 1 ochkoni taqsimlab olishdi. 3-turda Magsudluga mag‘lub bo‘lgan Aliriza Firuzja ushbu turda polshalik Shimon Gumularz bilan, niderlandiyalik Anish Giri qora donalarda bolgariyalik Cheparinov bilan, AQSHlik Levon Aronyan BAA vakili Solih Salem bilan, Rameshbabu Praggnanandxa shaxmat tarixida eng yosh grossmeyster sifatida tanilgan AQSH sharafini himoya qilayotgan Abhimanyu Mishra bilan durangga erishdi.

Bugun, 8 sentyabr kuni mukofot jamg‘armasi 855 ming AQSH dollaridan iborat turnirning 5-turida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov oq donalarda turkiyalik Yagiz Kaan Erdogmush bilan kuch sinashdi.
Ayollar musobaqasida yetakchi shaxmatchi qizlarimizdan Afruza Hamdamova qora donalarda bolgariyalik Antoaneta Stefanova qarshiligini yengishga harakat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi “Talabgorlar turniri” yo‘llanmasi uchun kechayotgan “Grand Swiss-2025” turniri 15 sentyabrga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA