Vatanimiz tarixidagi 8 sentyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1190 yil (bundan 835 yil oldin) – musulmon Sharqida Shayx ul-olam – Olamning shayxi nomi bilan dong taratgan, kubraviya tariqatining zabardast namoyandasi, buyuk pir, ulug‘ avliyo, nuktadon olim, xassos shoir va yetuk voiz Sayfiddin Boharziy tavallud topdi. Buxoro mashhur fiqhshunos olim Abu Xafsi Kabir Buxoriy (767–832) tufayli “Qubbat ul-islom” – “Islom dinining gumbazi” nomiga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, aynan shayx Sayfiddin Boharziy (1190–1261) faoliyati tufayli unga yangi sifat – “sharif” so‘zi qo‘yilib, u Buxoroyi sharif, ya’ni Sharofatli Buxoro nomi bilan yuritiladigan bo‘ldi. Shu tariqa shayx Sayfiddin Boharziy Buxoroning shariflik maqomiga ega bo‘lishiga sababchi bo‘lgan.
Damashqlik mashhur tarixchi va muhaddis Shamsuddin Zahabiy (1274–1348) o‘zining “Mashhur daholar siyrati” asarida Sayfiddin Boharziy haqida qimmatli ma’lumotlar keltiradi. Alloma haqida so‘z boshlagan Zahabiy uni: “Nomlari to‘rt iqlimga mashhur. Qalblardan o‘rin olgan benazir olim”, deb ta’riflaydi. Shu so‘zlardanoq shayxning shavkatiga baho berish mumkin.
1404 yil (bundan 621 yil oldin) – Ispaniya qirolining Samarqand hukmdori Amir Temur huzuriga yuborgan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning yozishicha, shu kuni Amir Temur Samarqand chetidagi “Dilkusho” bog‘ida elchilarni qabul qildi. Qabul marosimi katta ziyofat va tantana bilan boshlangan. Klavixoning hikoya qilishicha, qabul marosimida hukmdor Temurning yonida Saroy Mulk xonim boshliq boshqa xotinlari ham o‘tirganlar.
1572 yil (bundan 453 yil oldin) – Buxoroning amaldagi xoni Abdullaxon II Jo‘ybor xojalarining yer-mulklarini har xil soliqlardan ozod qilish haqida farmon chiqardi. Mazkur farmonga asosan Xoja Kalon (Xoja Sa’d)ning Marv shahridagi ham merosiy olgan, ham in’om-suyurg‘ol qilib berilgan yer mulklari soliq va majburiyatlardan ozod etildi. Ushbu farmonning diqqatga sazovor joyi shundaki, mulkni merosiy mulk deb tan olish bilan birga uni darubast deb hisoblash, yerni soliq solish maqsadida qayta o‘lchamaslik, har yili ushbu farmonni yangilashni talab qilish ham man etilgan edi. Bundan Jo‘ybor xojalarining cheklanmagan imtiyozlardan foydalangani, ular barcha soliq va majburiyatlardan ozod qilingani, mahalliy hukmdorlarning esa qanday bo‘lmasin eshonning sarkorlari, dehqonlarining ishlariga aralashishlari man etilgani a’yon bo‘ladi.
1917 yil (bundan 108 yil oldin) – Qo‘qon shahrida “G‘ayrat” kutubxonasi tomonidan “El bayrog‘i” gazetasi nashr etila boshlandi. Gazeta 1917 yil 13 dekabrdan keyin Turkiston Muxtoriyatining rasmiy gazetasiga aylangan. “Turk elining moddiy va ma’naviy ehtiyojidan bahs yuritib, muvakqat hukumatning tadbir va siyosatlaridan” yozgan va “Yashasin, Turkiston Muxtoriyati, yashasin, qo‘shma xalq jumhuriyati” shiori ostida xalkning ijtimoiy ongini uyg‘otishga intilgan. Qo‘qonda barpo etilgan Turkiston Muxtoriyati hukumatini himoya qilgan va uning fikrini izhor etgan. Gazetaga Bo‘lat Soliyev, keyinroq Ashurali Zohiriy muharrir bo‘lishgan. Gazetaning 20-soni chiqqach, uning faoliyati to‘xtagan.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – Toshkentda O‘zbekistondagi birinchi Xalqaro bank maktabi ochildi.
1999 yil (bundan 26 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi organlaridagi vakili to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2001 yil (bundan 24 yil oldin) – Toshkent va Moskva shaharlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.
2011 yil (bundan 14 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulki ob’ektlaridan oqilona foydalanish va ularni tasarruf etishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Strategik islohotlarni jadallashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA