Chirchiqda fijital sport yo‘nalishining bir necha yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bahslari bo‘lib o‘tdi.
Ikki kunlik musobaqalar davomida sportchilar jismoniy va aqliy kurashni o‘zida mujassam etgan fijital futbol, fijital basketbol, “Lazertag” va “Just dance” yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.

Fijital futbol yo‘nalishida Toshkent viloyati "Olimpik" jamoasi g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, NGMKning "Alpomish" jamoasi va Jizzax viloyati, G‘allaorol tumani vakillari keyingi pog‘onalarni band etdi.

Fijital basketbolda "BK SKA" jamoasi hech bir raqibiga imkoniyatni qoldirmagan holda 1-o‘rinni egalladi. Keyingi qatorlar "Slam Dunkers" va "Samarqand" jamoalariga nasib etdi.
“Just dance” bahslarida So‘g‘diyona Abduxoliqova va Sabina Shukurullayeva muvaffaqiyat qozondi. “Lazertag” yo‘nalishida esa O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti vakillari eng kuchli jamoa nomiga musharraf bo‘ldi.

G‘olib va sovrindorlar kubok, medal, diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA