Malayziyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ilhom Tua Bin Illias Markaziy Osiyo xalqaro institutida ochiq ma’ruza qildi. Muloqot davomida ushbu davlat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, ikki tomonlama munosabatni rivojlantirish masalalari hamda “Markaziy Osiyo+ASEAN” formatida mintaqamiz bilan hamkorlik istiqboli muhokama qilindi.
Tadbirda yetakchi ilmiy va tadqiqot markazlari vakillari, jumladan Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti, JIDU, O‘zMU, O‘zDJTU, TDSHU kabi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Elchi dastlab respublikamizda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish, inson kapitali salohiyatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasiga alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, “O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlarini birlashtirishda muhim egallash barobarida global maydonda ham tobora faol siyosat olib bormoqda. Elchi ikki tomonlama aloqalar faollashuvi, turizm, ta’lim sohasidagi qo‘shma loyihalar va istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlariga ham to‘xtaldi.
[gallery-25195]
Bugungi kunda Malayziya universitetlarida 600 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talaba tahsil olayotgani, 2024 yil 19 000 dan ziyod mamlakatimiz fuqarosi sayohat qilish uchun ushbu davlatga borgani ta’kidlandi.
Ma’ruzada iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, raqamlashtirish, energetikani barqaror rivojlantirish, logistika, shuningdek madaniy-ta’lim almashinuvi sohalarida Markaziy Osiyo va ASEAN hamkorligining strategik ahamiyatiga urg‘u berildi.
Ushbu tadbir ikki tomonlama va mintaqalararo hamkorlikning o‘ziga xos ahamiyatini yana bir bor tasdiqlab, O‘zbekiston va Malayziya, shuningdek Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ASEAN o‘rtasida iqtisodiy, madaniy va ta’lim sohasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochishi shubhasiz.
G‘.Xonnazarov, O‘zA