Vatanimiz tarixidagi 7 sentyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1404 yil (bundan 621 yil oldin) – Amir Temur Konigildagi Bog‘i dilkushoda katta to‘yu tomosho boshladi. To‘y qirq kun davom etdi. To‘y tantanalarida Amr Temurga tobe’ barcha mamlakatlarning podshohlari, shahzodalari ishtirok etdi. To‘yning oxirida Shohrux Mirzoning farzandlari Mirzo Ulug‘bek bilan Ibrohim Sulton, Mironshohning o‘g‘li Iyjal mirzo, Umarshayxning o‘g‘illari Saydi Ahmad bilan Pirmuhammad, shular qatori Mirzo Boyqaro ham uylantirib qo‘yildi. Mirzo Ulug‘bekka marhum Muhammad Sultonning qizi O‘gay begimni olib berdilar.
1867 yil (bundan 158 yil oldin) – Ilono‘tti darasidagi temuriyzoda Mirzo Ulug‘bek va shayboniyzoda Abdullaxon II tomonidan qoyatoshga bitilgan yozuvlarni o‘rganish maqsadida Sankt-Peterburg shahridan harbiy, tarixchi-olim Aleksandr Kasheyev kuzatuvida areontolog va arxeolog P.Lerx Jizzaxga keldi. Bu yosh tarixchi olim qator tillarni bilardi. U 1858–1859 yillarda bir necha bor O‘rta Osiyo tarixini o‘rganishga qiziqib, polkovnik Ignatev boshchiligida elchilik missiyasi bilan Xiva va Buxoroga kelgan va o‘shanda bir qancha qimmatbaho qo‘lyozma va tangalarni Rossiyaga jo‘natgan edi. Ilono‘tti darasidagi kuzatuv ishlari sharqshunos P.Lerxni nihoyatda qiziqtiradi. U maxsus narvon yordamida qoyaga chiqib olib, ikkala yozuvni ham tasvirga tushiradi va Sankt-Peterburgga olib qaytadi. Har ikkala yozuv ruschaga o‘girilib, uning ilmiy maqolasida e’lon qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Ilono‘tti darasidagi qoyatoshda ikkita yozuv saqlangan bo‘lib, birinchisi Mirzo Ulug‘bekning 1425 yil Mo‘g‘uliston yurishi haqida bo‘lsa, ikkinchisi, undan sal quyiroqda Abdullaxon tilidan yozilgan. Abdullaxon 1571 yili Jizzaxda Navro‘z Ahmadxon (Baroqxon)ning o‘g‘illari – Boboxon, Darveshxonlar boshliq qo‘shinni mag‘lub etgach, ushbu bitiktoshni fors tilida, arab imlosida o‘yib yozdirgan.
1897 yil (bundan 128 yil oldin) – aktyor va rejissyor, O‘zbekiston xalq artisti Abduvahob Azimov tavallud topdi (vafoti 1964 yil). U Hamza bilan birga Andijon teatrini tashkil qilishda qatnashgan. Truppaning tashkiliy davrida Hamzaning “Boy ila xizmatchi”, “Farg‘ona fojiasi” spektakllarida rejissyorlik va aktyorlik qilgan. Abduvahob Azimov hajviy xarakterli rollarni zo‘r mahorat bilan o‘ynagan. Mubolag‘a, mimika va sahna nutqi vositalaridan ustalik bilan foydalangan. U Toshkentdagi Muqimiy nomli musiqali drama va komediya teatrining tashkilotchilaridan biri bo‘lgan.
1908 yil (bundan 117 yil oldin) – faylasuf olim, jamoat arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Ibrohim Mo‘minov tavallud topdi (vafoti 1974 yil). U 1956 yildan akademiyaning vitse-prezidenti bo‘lgan. Ibrohim Mo‘minov Navoiydan tortib, Ahmad Donishgacha bo‘lgan yirik mutafakkirlar ijodini taxlil kildi. Uning “Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli” asari (1968), umuman Amir Temur shaxsini ilmiy o‘rganish tashabbusi bilan chiqishi olimning ilmiy jasorat va yuksak vatanparvarlik fazilatining yorqin ifodasi bo‘ldi. Ibrohim Mo‘minov O‘zbekistonda falsafa maktabiga asos soldi. U vafotidan so‘ng, 2003 yilda “Buyuk xizmatlari uchun”ordeni bilan mukofotlandi.
1941 yil (bundan 84 yil oldin) – O‘zbekistonda armiya uchun issiq kiyim-bosh to‘plash tadbiri boshlandi. O‘zbekiston aholisi birgina 1941 yilning sentyabr, oktyabr, noyabr oylari mobaynida 1 million 174 ming 972 juft kigiz etik, 2 million 767 ming 232 kg jun, 5 million 213 ming 107 dona kalta po‘stin, 1 million 293 ming 818 dona paxtalik shim, 2 million 62 ming 706 dona qo‘y teri va boshqalarni topshirdilar.
1991 yil (bundan 34 yil oldin) – xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasida mustaqil siyosatni ro‘yobga chiqarish, tashqi iqtisodiy faoliyatga xizmat ko‘rsatishni ta’minlash va uning samaradorligini oshirish, respublikaning valyuta mablag‘larini jamlash va ulardan aniq maqsadni ko‘zlab foydalanish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tashkil etildi.
1995 yil (bundan 30 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Kambodja Qirolligi bilan diplomatiya munosabatlarini o‘rnatdi.
1995 yil (bundan 30 yil oldin) – O‘zbekiston alpinizmi tarixida birinchi marta respublikamiz alpinistlari guruhi ikkita baland cho‘qqi – Xontangri (6995 metr) va G‘alaba (7439 metr) cho‘qqilarini zabt etishdi.
2000 yil (bundan 25 yil oldin) – o‘zbekistonlik hunarmandlar Germaniyaning Gannover shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon ko‘rgazmasi “EKSPO–2000”da qatnashdi. Unda jumladan, marg‘ilonlik atlas to‘quvchi hunarmand Muhammadjon Karimov qo‘lda to‘qilgan atlaslarini namoyish etdi. Bundan tashqari buxorolik zardo‘z Shoira Soibova, xivalik yog‘och o‘ymakor hunarmand Shavkat Jumaniyozov yasagan milliy hunarmandchilik buyumlari yevropaliklarda katta taassurot qoldirdi.
2000 yil (bundan 25 yil oldin) – o‘zbek matbuotida Angliyadan kelgan xushxabar e’lon qilindi. O‘zbek kurashi xalqaro uyushmasi tashkil etilgan kunning ikki yilligini nishonlash yuzasidan Britaniya kurash uyushmasida 1 oktyabrda barcha yoshdagi erkak va ayollar o‘rtasida kurash turniri o‘tkazishga qaror qildi. Turnir London yaqinidagi Bedford shaharchasida o‘tkazildi.
2004 yil (bundan 21 yil oldin) – o‘zbek jurnalistikasi tarixida birinchi marta nodavlat telekanallar ikki palatali parlament saylovlari jarayonini yorita boshladi. Ya’ni saylov jarayonida aholinining faolligini oshirish, ularning mamlakat hayotiga daxldorlik hissi bilan yondashishini ta’minlash maqsadida teledasturlar tayyorlandi.
2007 yil (bundan 18 yil oldin) – Marg‘ilon shahrining 2000 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida «Eski shahar» turizm zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Soliq majburiyatlarini bajarishda tadbirkorlik sub’ektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Eksportchi korxonalarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmonlari qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “«Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash» kompleks dasturini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA