Shvetsiya Ko‘ngilli aviatsiya korpusi o‘quv parvozida qatnashayotgan kichik xususiy samolyot Norrtale shahri yaqinidagi Limmaren ko‘liga qulab tushdi. Uchoq qo‘nish rejalashtirilgan Roslagen aerodromi yaqinida suv ostidan topilgan. Parvozdagi ikki kishidan biri samolyot ichida, qutqaruvchilar uni chiqarib olishga harakat qilishyapti. Ikkinchi yo‘lovchi qidirilmoqda.
Voqea joyida davom etayotgan keng ko‘lamli amaliyotda politsiya, o‘t o‘chirish va qutqaruv xizmati, g‘avvoslar va dengizchilar ish olib boryapti.
Korpus hududiy bo‘limi rahbari Per Vinbergning so‘zlariga ko‘ra, halokat bir necha samolyot ishtirok etgan mashq chog‘ida yuz bergan. Hodisa sababi hozircha noma’lum. Guvohlar aytishicha, uchoq halokatdan oldin aerodrom tepasida bir necha marta aylangan.
M.Pirmatova, O‘zA