Suv tanqis bo‘lib borayotgan ayni paytda mavjud suv zaxiralarini asrash va uni tejab, samarali tarzda ishlatish dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada yurtimizda suv xo‘jaligida tub islohotlar amalga oshirilib, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, buning uchun davlat byudjetidan mablag‘lar ajratish, sohadagi ishlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilda ham Suv xo‘jaligi vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlarga ajratilgan byudjet mablag‘lari suvdan samarali foydalanishda zamonaviy qurilmalarni joriy etish, nasos va elektrodvigatellarni yangilash, energotejamkor qurilmalarni o‘rnatish, irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlari holatini yaxshilash, kollektor-drenaj tarmoqlari hamda boshqa ob’ektlarning texnik holatini yaxshilash kabi dasturlarga sarflangan.

Ushbu yo‘nalishdagi ishlar Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida atroflicha muhokama qilindi. Unda Davlat byudjeti va maqsadli jamg‘armalar byudjetlarining 2025 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Deputatlar byudjet ijrosi muhokamalarida agrar tarmoqni rivojlantirish, suv xo‘jaligida islohotlarni jadallashtirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar holatiga alohida e’tibor qaratdilar.

Qayd etilganidek, o‘tgan davrda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlarga ajratilgan mablag‘lar suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, tuproq bonitirovkasini o‘tkazish, chorvachilikni rag‘batlantirish va subsidiyalar ajratish, gidrografik ob’ektlarni raqamlashtirish, nasos agregatlari iste’mol qiladigan elektr energiyasi xarajatini qoplash va boshqa tadbirlar uchun yo‘naltirilgan.
Shuningdek, suv xo‘jaligi tizimidagi nasos stansiyalarini saqlash, sohadagi davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvni tashkil etish, suv resurslaridan samarali foydalanish, magistral va ichki kanallarni betonlashtirish, sohada energotejamkor qurilmalardan keng foydalanishni kengaytirish borasidagi ishlar ham xalq vakillarining e’tibor markazida bo‘ldi.
Bundan tashqari, o‘simliklar karantini va himoyasini tashkil qilish, agrosanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash, ularni texnikalar bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holati ham muhokama qilindi.
Munozaralarda sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish, ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish zarurligi aytib o‘tildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA