Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasining joriy yildagi xarajatlari rejasi 485,6 milliard so‘mga rejalashtirilgan bo‘lib, olti oydagi ijrosi 27,6 milliard so‘m yoki 5,7 foizni tashkil etgan. Shuningdek, Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi joriy yildagi xarajatlari rejasi 1 trillion 809,3 milliard so‘mga rejalashtirilgan bo‘lib, yarim yillikdagi ijrosi 285,2 milliard so‘m (15,8 foiz)ni tashkil etgan. Ya’ni, sohaga ajratilgan davlat byudjeti mablag‘lari o‘z vaqtida o‘zlashtirilmagan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining majlisida aytib o‘tildi.
Unda Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2025 yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi atroflicha muhokama etildi.
Majlisda hisobot davrida ijtimoiy xarajatlar uchun, xususan, sog‘liqni saqlash, ayniqsa, aholi salomatligini mustahkamlashga byudjetdan ajratilgan mablag‘larning qay darajada maqsadli yo‘naltirilganiga e’tibor qaratildi.
Qo‘mita a’zolari ayrim yo‘nalishlar uchun birinchi yarim yillikda rejalashtirilgan mablag‘lar ajratilgan bo‘lsa-da, amalda umuman ishlatilmagan yoki qisman ishlatilganini tanqidiy tahlil qildilar.
Shuningdek, ajratilgan byudjet mablag‘larining o‘z vaqtida o‘zlashtirilmasligi sabablari bilan qiziqdilar. Bu borada qator taklif va tavsiyalar bildirdilar.
M.Komilova,
O‘zA