Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisi yakuniga yetdi. Ikki kun davom etgan majlisda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlis davomida 9 ta qonun ko‘rib chiqildi. Shundan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, noshirlik, Jahon savdo tashkiloti, kreditorlar, transport, ta’lim bilan bog‘liq 8 ta qonun ma’qullandi.
“Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun esa rad etildi.
Yalpi majlisda Bosh prokurorning prokuratura organlarining 2024 yildagi faoliyati yuzasidan hisoboti eshitildi.
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev prokuratura organlari tomonidan aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
3 ming 561 ta yashirilgan jinoyat aniqlangani qayd etildi. Jinoyatlarni qasddan yashirgan xodimlarga nisbatan 22 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
– Tergov va tezkor qidiruv faoliyati ustidan nazoratni ta’minlashga ham ustuvor ahamiyat qaratildi, - dedi N.Yo‘ldoshev. – Xususan, tezkor-qidiruv faoliyati ustidan nazorat keskin kuchaytirilib, pinhona sharoitlarda sodir etilgan 30 mingdan ortiq jinoyat fosh etildi hamda qidiruvdagi 8,7 mingdan ziyod shaxsning ushlanishi ta’minlandi. O‘z navbatida, 78 ming 544 nafar shaxsga nisbatan 63 ming 459 jinoyat ishi sudlarga yuborildi. Bevosita prokuratura organlari tomonidan 14,7 mingdan ortiq jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov o‘tkazilib, ayblanuvchilardan 3,1 trillion so‘mlik zarar undirildi. Tezkor-qidiruv va tergov faoliyatini amalga oshirishda shaxsni qiynoqqa solish va boshqa g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar bilan bog‘liq har bir qilmishga nisbatan keskin munosabat bildirilmoqda. Xususan, bunday g‘ayriinsoniy qilmishlar haqida kelib tushgan 200 ga yaqin ariza va xabarlar yuzasidan tekshirish o‘tkazilib, 7 tasi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 5 nafar huquq-tartibot xodimi jinoiy javobgarlikka tortildi.
Ushbu masala yuzasidan fikr bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva bundan bir necha yil muqaddam ta’lim tizimida, davlat xaridlari sohasida korrupsiya darajasi yuqori bo‘lganini qayd etdi. Bunga barham berish uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi doirasida Bosh prokuratura bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirilgani natijasida aynan shu yo‘nalishlarda korrupsiya holatlari keskin kamaydi.
Majlisda Samarqand viloyatining ayrim hududlari chegaralarini o‘zgartirish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va sohaga ilm-fan yutuqlarini joriy qilish bo‘yicha parlament so‘rovi natijalari, Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalalar ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza eshitildi. Ushbu masala yuzasidan ma’ruza qilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov jamiyatda korrupsiya illatiga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Senatorlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotgani qayd etildi. Korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qilgan holda jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlarida kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni belgilash lozimligi alohida ta’kidlandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/oqcvmqNah5k" title="SYeNAT: jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish kuchaytiriladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova,
Doniyor Yakubov (video),
Anvar Ahmedov (montaj), O‘zA