Senat yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi.
Ushbu masala yuzasidan ma’ruza qilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov jamiyatda korrupsiya illatiga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
2024 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy ta’minlashga qaratilgan 8 normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlari keng joriy etildi. Ularning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi.
Sohada davlat siyosati izchilligini ta’minlash maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi qabul qilindi. Ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati 35 tadan 40 tagacha kengaytirildi.
Shu bilan birga, muhokamada senatorlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotgani qayd etildi.
Xususan, 2024 yilda respublika bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlari tahlili ko‘rsatganidek, Andijon, Toshkent, Namangan, Sirdaryo viloyatlarida korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga eng ko‘p zarar yetkazilgan, korrupsiyaga oid jinoyatlar soni Andijon, Namangan Toshkent, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida ortgan.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun sudlangan shaxslarning aksariyati maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, tijorat banklari hamda bandlik tizimi xodimlariga to‘g‘ri keladi.

Adliya vazirligi tomonidan 2024 yilda 2 mingdan ortiq loyihaning 222 tasida yoki 11 foizida 337 korrupsiyaviy omil aniqlangan. Korrupsiyaviy omillarning aksariyati Iqtisodiyot va moliya, Ekologiya, Qishloq xo‘jaligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari tomonidan kiritilgan normativ-huquqiy hujjatlarda aniqlangan.
Korrupsiyaga qarshi ekspertizaga berilmagan loyihalarning ko‘pchiligi Investitsiyalar, sanoat va savdo (6 ta), Energetika, Qishloq xo‘jaligi hamda Tashqi ishlar (5 tadan) vazirliklari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonunchilik hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari yetarli darajada tashkil etilmagan.
Senat a’zolari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, qator vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan qator takliflar bildirildi.
Xususan, korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qilgan holda jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlarida kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni belgilash lozim. Korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish tizimi bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini faollashtirish, davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ichki nazorat tuzilmalari xodimlariga qo‘shimcha vazifalar yuklatilishining oldini olish kerak. Ichki nazorat tuzilmalari tomonidan nazorat tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazilishini ta’minlash, odob-axloq komissiyalarining faoliyatini kuchaytirish maqsadga muvofiq.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA