Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mamlakatimizda barqaror rivojlanish va energiya resurslaridan samarali foydalanish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilmoqda.
Shu maqsadda amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston binolari uchun toza energiya” loyihasi doirasida Toshkent viloyatida ijtimoiy soha ob’ektlarining energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan tender savdolari e’lon qilindi.
Tender doirasida qator ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, Toshkent viloyatida tanlab olingan 30 ta ijtimoiy soha ob’ektida energiya audit ishlari o‘tkaziladi. Shuningdek, loyiha hujjatlari ishlab chiqiladi, ob’ektlarda rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari bajariladi hamda o‘lchash va tasdiqlash jarayonlari amalga oshiriladi.
Mazkur tenderning o‘tkazilishi ijtimoiy soha binolarida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etishga xizmat qiladi. Bu esa nafaqat elektr energiyasi sarfini qisqartirish, balki mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o‘sish va atrof-muhit muhofazasiga ham o‘z hissasini qo‘shadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA