Senat yalpi majlisida O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, degan konstitutsiyaviy tamoyilni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish zarurligiga e’tibor qaratildi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva odamlarimiz uchun munosib turmush sharoitlari yaratish, yangi quvvatlar, zamonaviy loyihalarni ishga tushirib, aholi, ayniqsa, yoshlarimizni munosib daromadli mehnat bilan band qilish ustuvor vazifalardan hisoblanishini alohida ta’kidladi. Xabaringiz bor, yaqinda Prezidentimiz rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Bu boradagi mavjud muammolar tahlil qilindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi. Muhim amaliy mexanizmlar belgilab berildi. Xususan, joriy yilgi 92 ming nafar bitiruvchining keyingi faoliyatida ko‘maklashish chora-tadbirlari belgilandi.
– Albatta, bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, – dedi T.Norboyeva. – Nafaqat ijro organlari, balki vakillik institutlari, ya’ni biz senatorlar, deputatlar ham bu ishga bosh qo‘shishimiz kerak. Prezidentimiz ham bu bo‘yicha bizga ishonch bildirdi. Senat kengashining 13 avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisida mazkur masalalarni tegishli vazirlik, idoralar, hududlar bilan atroflicha muhokama qilib, alohida qaror qabul qildik. Oliygohlar bitiruvchilarining bandligini ta’minlash ishlarini tashkil qilish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi, qolaversa, senatorlar va mahalliy kengashlar raislari boshchiligida hududiy ishchi guruhlar tashkil etildi. 37 oliygohning qariyb 49mingdan ziyod bitiruvchisini ishga joylashtirish bo‘yicha hududlar, tarmoqlar kesimida aniq chora-tadbirlar, mexanizmlar, muddatlar belgilab olindi.
“Bitiruvchilar bandligini ta’minlash masalalariga jiddiy yondashish kerak. Rasmiyatchilik uchun nomigagina ishga joylab qo‘yish holatlari yoki undan ham yomoni – quruq statistika uchun qo‘shib yozishlarga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligi shart. Shu bois, tegishli elektron bazalarga kiritilgan ma’lumotlar haqqoniyligi o‘rganib borilishi zarur. Hududiy ishchi guruhlar bilan birga bitiruvchilarni ishga joylash bilan bog‘liq jarayonlarda yuzaga keladigan muammolarni tezkorlik bilan hal etish choralari ko‘rilishi kerak. Ta’lim, tibbiyot kabi muhim ijtimoiy sohalarda bir hududdan boshqa hududga borib ishlashiga to‘g‘ri kelgan bitiruvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi hudud rahbarlarining doimiy e’tiborida bo‘lishi lozim. Bu boradagi ishlar holatini har hafta ishchi tartibda muhokama qilib boramiz”, dedi Senat Raisi.
Yoshlar bandligini ta’minlash – muhim ijtimoiy ahamiyatga ega masala. Shu bois, barcha senatorlar va hukumat vakillaridan, ayniqsa, mahalliy kengashlar va hudud rahbarlaridan mazkur vazifalarni o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirishga mas’uliyat bilan qarash so‘raldi.
Norgul Abduraimova, O‘zA