Pokiston Islom Respublikasining “Associated Press of Pakistan” axborot agentligi O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher To‘xtayev bilan intervyu uyushtirdi. Maqolada diplomatimiz tarixiy “Ipak yo‘li” bo‘ylab joylashgan ikki muhim davlatning strategik ahamiyati mintaqa iqtisodiyoti va savdo integratsiyasida muhim o‘rin egallashi barobarida turizm aloqalarini ham mustahkamlashini ta’kidlagan. Elchimiz “O‘zbekiston: Ipak yo‘li gavhari” sayyohlik va madaniyat ko‘rgazmasining ochilishida ko‘p asrlik tarix, din, madaniyat va an’analarga ega ikki xalq do‘stligi va sherikligi mustahkamlanayotganiga e’tibor qaratgan:
– Fursatdan foydalanib, Pokiston turoperatorlari, investorlari va biznes rahbarlarini qo‘shma sayohat paketlari, mehmondo‘stlik loyihalari va madaniy tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikka chaqirmoqchiman. Ota-bobolarimiz zaminini bir vaqtlar Buyuk Ipak yo‘li bog‘lagan, bu yo‘lda savdogar, olim, shoir-u, sayyohlar Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida bemalol harakat qilganlar. Bugun biz o‘sha tarixiy aloqalarni zamonaviy tarzda – turizm, madaniy almashinuv, odamlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar orqali qayta tiklayapmiz. Pokistonlik birodarlarimizni xalqlarimizning umumiy merosini aks ettiruvchi ushbu xazinalar ziyoratiga taklif qilaman. Pokistonning boy madaniy va tabiiy merosi – Lahordagi Mo‘g‘ul yodgorliklaridan tortib, Sindning jonli an’analari, shimoliy vodiylarning hayratlanarli go‘zalligigacha yuksak qadrlanadi. Bu borada havo yo‘llari muhim o‘rin tutadi. Endilikda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Toshkentdan Lahorga va Islomobodga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar amalga oshiradi. Bundan tashqari, boshqa yirik shaharlar bilan ham muntazam havo aloqasini o‘rnatish bo‘yicha faol ish olib borilyapti. Ushbu reyslar nafaqat sayohatni yanada qulaylashtiradi, balki do‘stlik, savdo-sotiq va hamkorlikning haqiqiy ko‘prigi bo‘lib xizmat qiladi.
O‘z navbatida tadbir mehmonlari – Pokiston Bosh vazirining turizm bo‘yicha koordinatori Sardor Yosir Ilyosxon va Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi boshqaruvchi direktori Aftabur Rahmon Rana ham mamlakatlarimizning jozibali turizm salohiyatini alohida ta’kidlagan.
M.Pirmatova, O‘zA