Xitoyning “Shinadaily” nashri O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri Nozimbek Mardonovning maqolasini chop etdi.
Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan yozilgan “O‘zbekiston ruhi va yurtimizning jahon miqyosidagi nufuzi” sarlavhali maqolada muallif, jumladan, shunday yozadi:
– Yaqinda Xitoyda bir necha oylik safarda bo‘ldim. Shu davr mobaynida qalbim Vatan sog‘inchidan tashqari g‘urur va iftixor hissiga ham to‘ldi. Bu tuyg‘uni kichik bir lavha orqali tasvirlashga urinaman. Chin diyori bo‘ylab hamkasblarimiz bilan birga sayohat qilarkanman, doim bayrog‘imizni yelkamga osib yurdim. Quvonarlisi, hech kim “Bu qaysi davlat bayrog‘i?” deb so‘ragani yo‘q. Aksincha, ko‘pchilik hurmat bilan bir-biriga “O‘zbekiston bayrog‘i”, deya so‘z qotdi. O‘sha lahzalar yuragimda cheksiz g‘urur va iftixor jo‘shdi.
Chin mamlakatida e’lon qilingan maqolada mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi yangi bosqichga ko‘tarilgani, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning say’-harakatlari bilan tufayli O‘zbekiston tashqi siyosatda ochiq, tinchliksevar va faol davlat sifatida e’tirof etilib, alohida hurmatga sazovor bo‘layotgani bayon etilgan. Endilikda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kabi yirik xalqaro tuzilmalar minbarlaridan xalqimiz ovozi yangrayotgani, Markaziy Osiyoda barqarorlik, transport va logistika yo‘nalishlari, ekologiya va suv resurslari, yashil energiya, inson huquqi va yoshlar siyosatiga oid tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgani e’tirof etilgan.
Muallif yurtimizda yosh avlodga katta e’tibor qaratilayotgani, millionlab o‘zbek yoshlari xorijiy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olib, zamonaviy bilim va texnologiyalarni egallayotganiga urg‘u berilgan. Chunonchi, “Yoshlar – kelajagimiz” tamoyili amalda o‘zini namoyon etayotgani, Yoshlar parlamenti, davlat grantlari, IT-parklar, startap dasturlari – bularning bari yoshlar uchun keng imkoniyatlar ochayotgani, ayniqsa, sport musobaqalarida o‘g‘il-qizlarimiz muntazam ravishda bayrog‘imizni baland ko‘tarayotgani ham ta’kidlangan.
M.Pirmatova, O‘zA