Qurbonlari soni 1450 nafardan oshgan Afg‘onistondagi zilzilada 3400 ga yaqin inson yaralangan. Bu haqda mamlakat oliy rahbari matbuot kotibi o‘rinbosari Hamidulloh Fitrat ma’lumot bergan.
Kunar, Lag‘mon va Nangarhor viloyatlarida yakshanba kuni yarim tunga yaqin 6 balli zilzila sodir bo‘ldi. Bu ofat o‘nlab qishloqlarni vayron qildi. Ko‘p yillik mojaro, qashshoqlik va noqulay tabiiy sharoit tufayli zaiflashgan sog‘liqni saqlash tizimiga battar yuk bo‘ldi.
– Ayni dam qurbonlar soni 1457, jarohatlanganlar esa 3394 nafarga yetdi, – deb yozgan Fitrat ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. – Qayd etilgan hududda 6782 xonadon vayron bo‘ldi.
Mahalliy matbuotga ko‘ra, “Islom Amirligi 2021 yil hokimiyat tepasiga kelgandan beri Afg‘onistonda uch marta halokatli zilzila, shuningdek qurg‘oqchilik, suv toshqinlari kuzatilgan. Ustiga ustak, Afg‘oniston hozir o‘z muhojirlarining qo‘shni davlatlardan ommaviy deportatsiyasini ham boshdan kechirmoqda. Bu ham yetmaganidek, kecha BMT zilzila jabrdiydalariga yordam ko‘rsatish uchun resursi yo‘qligini ma’lum qildi.
– Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistondagi guruhlari byudjet qisqarishi sharoitida zilzila qurbonlariga ko‘maklashishda zaxira tanqisligiga duch kelmoqda, dedi Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi muvofiqlashtiruvchisi Indrika Ratvatte Jenevadagi brifingda. – Afg‘onistonda 22,5 million odam, ya’ni aholining yarmi muhtojlikda kun kechiryapti. Yaqinda Pokistondan 1,7 milliondan ortiq afg‘on qochqini qaytdi. Moliyaviy qisqarish tufayli yuzlab muassasalarni yopishga majbur bo‘ldik. Mamlakat zaxirasi, deyarli, tugagan. Qo‘shni davlatlarga yordam so‘rab murojaat qildik, ammo vaqt o‘tyapti. Zaxira yetishmovchiligi bilan yuzma-yuz turibmiz.
Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT Afg‘oniston xalqiga yordam berish uchun “xalqaro hamjamiyatning shoshilinch ko‘magiga muhtoj.
Qizil Xoch jamiyati taqdim etgan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, tabiiy ofat qurbonlari soni bir yarim mingga yaqinlashgan, jarohatlanganlar soni ham ortmoqda, uylar vayron bo‘lgan.
Ayniqsa Kunar, Lag‘mon va Nangarhor viloyatlaridaahvol o‘ta og‘irligicha qolmoqda.
S.Rahimov, O‘zA