Olmaotada IFIGS sug‘urta kafolati tizimlari XII xalqaro forumi va Yevropa, Osiyo, Shimoliy Amerika, Yaqin Sharq hamda Afrikaning 26 mamlakatidan ishtirokchilarni jamlagan Qozog‘iston sug‘urta forumi - KIF 2025 o‘tkazildi.
Ushbu kun Jamg‘arma uchun rivojlanishning yangi bosqichini boshlab berdi: Jamg‘armaga Xalqaro IFIGS uyushmasiga a’zolik sertifikati rasman topshirildi va uning to‘laqonli a’zoligi tasdiqlandi!
Alohida ta’kidlash joizki, MDH davlatlari orasida IFIGS’ning to‘laqonli a’zolari sifatida bugungi kunda faqat O‘zbekiston va Qozog‘iston ishtirok etmoqda. Bu esa mazkur ikki mamlakatning xalqaro sug‘urta to‘lovlari kafolatiga oid kasbiy hamjamiyatda ortib borayotgan o‘rnini ko‘rsatib bermoqda.

Forum doirasida O‘zbekiston sug‘urta bozoriga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etildi. Unda sohaning asosiy rivojlanish tendensiyalari, amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, sug‘urtalangan shaxslarning huquqlarini himoya qilish va tarmoqning raqamli transformatsiyasi yo‘nalishidagi ustuvor vazifalar yoritib berildi. "Jamg‘arma - davlatning insonga g‘amxo‘rligi ramzidir: qiyin daqiqalarda yordam uning qonuniy huquqi sifatida kelishiga har bir fuqaro ishonch hosil qilishi mumkin. Ushbu tamoyil ijtimoiy kafolatlar va fuqarolarning ishonchi barqaror taraqqiyotning poydevoriga aylangan mamlakat - Yangi O‘zbekiston ruhini ifodalaydi», - deya ta’kidladi Jamg‘arma direktori Yormat Mirzayev.
IFIGSga a’zo mamlakatlar delegatsiyalari faol hamkorlikka tayyorligini bildirdilar hamda Jamg‘armaning xalqaro bilim va amaliy tajriba almashishni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladilar.
IFIGSga qo‘shilish jahon sug‘urta hamjamiyatiga integratsiyalashish va O‘zbekistonda sug‘urta himoyasining zamonaviy standartlarini ilgari surish yo‘lidagi qadamdir.
Qisqacha ma’lumot: IFIGS (Sug‘urta kafolati tizimlari xalqaro forumi) - sug‘urta kafolatlari va kompensatsiya to‘lovlarini ta’minlovchi tashkilotlarning xalqaro uyushmasidir. Forum Yevropa, Osiyo, Shimoliy Amerika, Yaqin Sharq va Afrikaning 26 mamlakatidan a’zolarni o‘z ichiga oladi hamda tajriba almashish va sug‘urta qildiruvchilar huquqlarini himoya qilishning xalqaro standartlarini ishlab chiqish uchun asosiy maydon sifatida xizmat qiladi.
Reklama huquqi asosida