O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 34 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanmoqda.
Bu qutlug‘ sana munosabati bilan energetika sohasi xodimlari va ularning oila a’zolari uchun “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida madaniy-ma’rifiy sayohatlar tashkil etildi.
Dastur doirasida “Toshkent IES” aksiyadorlik jamiyati xodimlari va yaqinlari qadimiy Buxoro shahriga tashrif buyurib, mamlakatimizning boy tarixiy va madaniy merosi bilan tanishdilar. Asrlar davomida Sharq sivilizatsiyasi markazlaridan biri sifatida yurtimiz tarixida beqiyos o‘rin egallab kelayotgan Buxoro ziyoratchilarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, “Taxiatosh IES” xodimlari Jizzax viloyatining tabiati va toza havosi bilan mashhur bo‘lgan Zomin tumaniga sayohat qilishdi. Zomin milliy bog‘ining betakror manzaralari mehmonlarga ma’naviy orom va ruhiy zavq baxsh etdi.
“Toshkent IES” AJ Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Munira Qosimovaning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 7 oktyabrdagi “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizm yarmarkasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash ustuvor vazifalardan. Shu sababli, elektr korxonalari tomonidan mazkur hujjat asosida mamlakat bo‘ylab muntazam sayohatlar uyushtirilmoqda.
– Bunday safarlar nafaqat xodimlarning hordiq chiqarishiga, balki ularning tarixiy merosga hurmatini oshirish, jamoada birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, energetika sohasi xodimlarining mehnat samaradorligini oshirish va ularning oilalari bilan sifatli dam olishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar Vatanimizning boy tarixi, madaniy merosi va tabiiy go‘zalliklarini keng targ‘ib qilishda ham muhim o‘rin tutadi. Ahamiyatlisi, sayohat xodimlarimizga juda yoqdi va unutilmas xotiralar qoldirdi. Bunday imkoniyat ularning o‘z kasbiga bo‘lgan mehrini va shijoatini yanada oshiradi, –dedi M.Qosimova.
N.Ziyodullayeva, O‘zA