Munosabat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Tyanszin shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etib, nutq so‘zladi. SHHTning siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik va gumanitar yo‘nalishlarini qamrab olgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan ekologiya yo‘nalishida ham bir qator taklif va tashabbuslar bildirildi.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, xususan, Ekopartiya fraksiyasi vakillari o‘z munosabatini bildirmoqda.

Abdushukur Hamzayev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi, fraksiya rahbari:
— Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida Prezidentimiz tomonidan iqlim o‘zgarishiga moslashish, havoga zaharli moddalar chiqarilishini kamaytirish hamda ekologik xavf-xatarlarni oldindan bashorat qilishda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali SHHT doirasida “yashil” transformatsiyani jadallashtirish zarurligi alohida ta’kidlandi. Bu takliflar nafaqat mintaqaviy, balki global ahamiyatga ega.
Tyanszin deklaratsiyasi va SHHTni 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi doirasida “yashil rivojlanish” ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangani O‘zbekiston tashabbuslari samarasi sifatida qaraladi. Bu xalqaro miqyosdagi ekologik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam huquqiy va siyosiy poydevordir.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi ushbu tashabbuslarni amaliy harakatlarga aylantirishda hamkor tashkilotlar, jamoatchilik va ilmiy doiralar bilan yaqin hamkorlikda faol ishtirok etadi.

Gulchehra Tojiboyeva,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi:
— Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqida ekologiya va iqlim o‘zgarishi masalasiga e’tibor qaratilgani, shubhasiz, global muammolarning yechimida mamlakatimiz faol pozitsiya egallayotganini ko‘rsatadi.
Bugun dunyoda iqlim o‘zgarishi insoniyat uchun eng katta xavflardan biri sifatida baholanmoqda. Bu jarayondan SHHT hududidagi davlatlar ham mustasno emas. Prezidentimiz taklif etgan tashabbuslar aynan shu muammolarga yechim topishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Avvalo, "yashil" yo‘laklar va zamonaviy ekologik infratuzilma haqidagi takliflar e’tiborga molik. Bu nafaqat iqtisodiy samara, balki tabiat va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatni kuchaytiradi. Shu bilan birga, sun’iy intellekt yordamida iqlim o‘zgarishlarini bashorat qilish, xavflarni oldindan ko‘rish kabi g‘oyalar zamonaviy va dolzarb yechim sifatida namoyon bo‘ldi.
Shuningdek, "yashil" sanoat sohasida hamkorlikni kengaytirish va maxsus Iqlim kengashini tuzish takliflari – bugungi kun talablariga mos keladigan muhim tashabbuslardir. Ayniqsa, Orolbo‘yi mintaqasida amalga oshiriladigan ekologik va innovatsion loyihalar butun mintaqa uchun hayotiy ahamiyat kasb etadi.
Menimcha, bu tashabbuslar ortida bir haqiqat yotadi: iqtisodiy rivojlanish ekologiyadan uzoqda bo‘lmasligi kerak. Yashil texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya va tabiatga ehtiyotkor munosabat — barqaror kelajakning asosiy poydevori.
SHHT minbaridan yangragan bu takliflar nafaqat mintaqa, balki butun jahon miqyosida ham dolzarb. Chunki bugungi ekologik xavf-xatarlar davlatlarni alohida-alohida emas, balki hamjihatlikda harakat qilishga undamoqda. Shunday ekan, Prezidentimiz nutqida ilgari surilgan g‘oyalar kelgusida mamlakatimiz va butun mintaqada ekologik barqarorlikni ta’minlashda yangi yo‘nalish ochishiga ishonchim komil.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.