Suriya nefti jahon bozoriga qaytishi mamlakat iqtisodiyotini tiklash yo‘lidagi dadil qadamdir.
SANA xabariga ko‘ra, ushbu arab davlati neft transporti kompaniyasi keyingi 14 yil ichida birinchi marta rasman mahsulot yetkazib berishini ma’lum qildi.
“BB Energy” global treyderi “B Serve Energy” xalqaro kompaniyasi uchun Tartus portidagi “Nissos Christiana” tankeriga 600 000 barrel og‘ir neft yuklandi. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, eksport qilinadigan xom ashyo bir necha kondan qazib olingan, shuningdek Baniyas va Xomsdagi neftni qayta ishlash zavodlarida to‘plangan ortiqcha mahsulotdan iborat.
Tartusdan 35 km shimoldagi Baniyasda Suriyaning eng yirik neftni qayta ishlash zavodi va ixtisoslashgan neft porti joylashgan. Vazirlikning Neft va gaz departamenti direktori yordamchisi Riyod Al-Jubasiy “Reuters” muxbiriga aytishicha, kelishuv joriy yil iyun oyida AQSH sanksiyasi bekor qilingandan keyin amal qila boshlagan.
– Bu transport tizimi, tanklar va dengiz terminalining to‘liq foydalanishga tayyorligini tasdiqlovchi muhim tajriba, – degan mulozim.
Mahalliy matbuot neft eksporti Suriya hukumati ko‘rsatmasi va Energetika vazirligi qoshidagi Neft Bosh boshqarmasi ishlab chiqqan mamlakatning tashqi neft bozoridagi ishtiroki ko‘lamini kengaytirish rejasi doirasida yo‘lga qo‘yilayotganini ta’kidlamoqda.
– Umid qilamizki, eksport jarayoni endi uzluksiz davom etadi, – deydi Neft transport kompaniyasi bosh direktori Ma’n Basha. – Sanoatni modernizatsiya qilish loyihalari mahalliy mutaxassislar tomonidan amalga oshirilmoqda. Neft konlarining aksariyati mamlakat shimoli-sharqida, kurd hukumati nazorati ostidagi hududda joylashgan. Konlar fevraldan Damashqdagi markaziy hukumatga xom ashyo yetkazib bera boshladi.
2011 yildagi fuqarolar urushigacha neft yalpi ichki mahsulotning 20 foizi, eksportning yarmi va davlat daromadining 50 foizdan ortig‘ini tashkil qilgan. O‘sha payt kuniga 380 000 barrel neft eksport qilingan. 14 yillik urush iqtisodiyot va infratuzilmani vayron qildi va konlar qayta-qayta qo‘lma-qo‘l bo‘ldi. Natijada Suriya elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha Eron neftiga qat’iy bog‘lanib qoldi. 2024 yil dekabrida Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilgach esa ta’minot to‘xtadi.
Shu bois endi yangi rahbariyat sohani tiklash, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik o‘rnatish va mamlakatga valyuta jalb qilish uchun keng ko‘lamli islohot olib bormoqda.
G.Sattorova. O‘zA