Vena shahrida O‘zbekiston – Avstriya munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Qurbonov rahbarligidagi delegatsiya Avstriya Parlamentida samarali muloqotlar o‘tkazdi.
Muzokaralarda Avstriya Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Karl Renner va Avstriya Iqtisodiy palatasi a’zosi Gunter Fexlindjer ishtirok etdi. Delegatsiyaga mamlakatimizning Avstriyadagi elchisi Baxtiyor Ibrohimov hamrohlik qilgan.

Suhbat avvalida delegatsiyamiz a’zolari tashrif davomida Avstriyadagi biznesni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazilgani, natijada muhim kelishuvlarga erishilganini qayd etdi.
Karl Renner esa Avstriya parlamentarizmi tarixi va qonun chiqarish jarayoni haqida ma’lumot berdi. U oxirgi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, Avstriya mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Gunter Fexlindjer O‘zbekiston sifatli quruq mevalar eksportida katta imkoniyatlarga egaligi va bu mahsulotlar Avstriya bozorida yuqori talabga ega bo‘lishini ta’kidladi.
Ushbu taklif ma’qullanib, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi avstriyalik sheriklarga ishonchli mahalliy hamkorlar topish va loyihaviy masalalarni hal etishda ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida savdo aylanmasini oshirish hamda iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
B.XUDOYBERDIEV,
O‘zA