Belgiyaning Ronse shahrida para velosport bo‘yicha o‘tkazilgan Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari 4 ta kumush va 1 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan holda Osiyo jamoalari orasida eng yaxshi natijani qayd etdi.
Ushbu muvaffaqiyatga erishgan matonatli sportchilarimizni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi rahbariyati, OAV vakillari hamda ularning oila a’zolari kutib oldi.

Dunyoning 49 ta mamlakatidan jami 350 nafardan ortiq sportchi ishtirok etgan jahon chempionatida Marjona Pardaboyeva va Pokiza Ahmadbekova ikkitadan kumush, Aziz Ataxo‘jayev esa 1 bronza medaliga ega chiqdi.


–Mamlakatimizda paralimpiya harakatiga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasida biz nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etmoqdamiz, – deydi Marjona Pardaboyeva. – Bu galgi jahon chempionatida bahslar qizg‘in va murosasiz bo‘ldi. Katta tajriba to‘pladim. Umid qilamanki, kelgusi dunyo birinchiligida oltin medalni qo‘lga kiritaman.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA