Bu haqda jamiyat axborot xizmati xabar berdi. Unda yozilishicha, davlatimiz rahbarining 2025 yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkilot bosqichma-bosqich yuqori oktanli (AI-92) avtobenzin ishlab chiqarishga o‘tmoqda.
Farmonga ko‘ra, sentyabrdan boshlab birja savdolariga faqat yuqori oktanli benzin joylashtirilishi belgilangan. Shunga asosan, “O‘zbekneftgaz” AJ 2025 yil 2 sentyabrdan boshlab AI-80 benzini sotilishini to‘xtatdi. O‘rniga AI-92 rusumidagi avtobenzinning birja savdolaridagi hajmlari oshirildi.
Agar ilgari 1000 tonna AI-92 benzini birja savdosiga qo‘yilgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu miqdor 1720 tonnaga yetgan. Ichki bozor talabidan kelib chiqib, hajmlarni yanada oshirish imkoniyati mavjudligi qayd etilmoqda.
Shuningdek, joriy avgust oyida tadbirkor-iste’molchilar tomonidan sotib olingan AI-80 benzini sentyabr oyida ham mavjud qoldiqlar va majburiyatlar asosida o‘z egalariga yetkazib beriladi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA