Mustaqilligimizning 34 yillik bayrami Qarshi shahridagi Taraqqiyot mahallasi aholisi uchun ham quvonchli va tarixiy voqealarga boy bo‘ldi. Boisi mahallada yangidan qurilgan 51-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi.
2022 yilda tashkil etilgan Taraqqiyot mahallasida bugunga qadar maktab mavjud emas edi. Shu sababli o‘quvchilar qo‘shni hududlardagi ta’lim muassasalariga qatnashga majbur edi. Yangi maktabning barpo etilishi mahalla bolalariga o‘z uylariga yaqin, barcha zarur infratuzilma va zamonaviy shart-sharoitlarga ega bo‘lgan ta’lim maskanida bilim olish imkonini yaratdi.
Investitsiya dasturi doirasida 9 milliard 387 million so‘m mablag‘ evaziga barpo etilgan uch qavatli ta’lim maskani 330 o‘ringa mo‘ljallangan. Keng va yorug‘ sport zali, stadion, oshxona, kutubxona, 60 o‘rinli majlislar zali, kompyuter xonasi va boshqa qulayliklar o‘quvchilar ixtiyorida.
[gallery-25099]
Mazkur ta’lim maskani eng zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanib, pedagoglar va o‘quvchilar uchun qulay va samarali ta’lim-tarbiya jarayonini ta’minlash imkoniyatini yaratadi. Yangi maktab faoliyati tufayli 35 nafar pedagog va xizmat ko‘rsatuvchi xodim uchun yangi ish o‘rni ham yaratildi.
Tantanali ochilish marosimida shahar hokimligi rahbarlari, xalq ta’limi sohasi mutasaddilari, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, yangi binoda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan mazkur ta’lim muassasasi nafaqat bolalar va o‘qituvchilar, balki butun mahalla aholisi uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari