Shu kunlarda O‘zbekiston o‘z mustaqilligining 34 yilligini keng nishonlamoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda o‘lkada ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar alohida e’tirofga loyiq. Maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bo‘g‘inlarda sifat va samaradorlik eng asosiy o‘rinda turadi.
Har bir ta’lim muassasalarida o‘quv dasturlari zamonaviylashtirilayotgani, xalqaro standartlarga mos o‘qitish tizimi joriy etilayotgani natijasida yosh avlodga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ya’ni, ta’lim sohasida bugun ko‘rayotganim shunchaki islohot emas, bu — tizimli va chuqur o‘zgarishlar jarayoni, butun jamiyatning bilimga bo‘lgan munosabatini qayta shakllantirayotgan ilmiy-ma’rifiy inqilobdir.
Bu o‘zgarishlar nafaqat darsliklar yoki o‘quv rejalarida, balki o‘qituvchilarning malakasi, o‘quv jarayonining raqamlashuvi va talaba-o‘qituvchi munosabatlarida ham namoyon bo‘lmoqda. Maktablar endi shunchaki g‘ishtdan qurilgan binolar emas – ular shaxs tafakkurini rivojlantirish makoniga aylandi.

E’tiborlisi, boshlang‘ich va o‘rta maktablarda aqlli laboratoriyalar joriy etilayotgani ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bu laboratoriyalar orqali o‘quvchilar nazariy bilimlarni amaliy tajriba orqali mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalar asosida qurilgan ushbu jihozlar bolalarda tadqiqotchilik qobiliyatini rivojlantiradi, mustaqil fikrlashga undaydi va ularni fanga bo‘lgan qiziqishini kuchaytiradi.
Shuningdek, oliy o‘quv yurti talabalari tabiiy va gumanitar fanlar bilan bir qatorda dasturlash va robototexnika fanlarini ham qiziqish bilan o‘rganmoqda. STEM-ta’limning kompleks tizimi joriy etilmoqda, global dunyoga olib boruvchi ko‘prik sifatida xorijiy tillarni, ayniqsa, ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan talabgorlar soni ancha ortgan.
Oxirgi yillarda O‘zbekistonda ko‘plab xalqaro universitetlar yoki Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Turkiya kabi davlatlar bilan hamkorlikda qo‘shma universitetlar ochilgani alohida e’tiborga molik. O‘tgan yil holatiga ko‘ra, universitetlar soni ikki baravar ko‘payganini aytish kifoya – 2016 yildagi 77 ta ko‘rsatkich bugun 200 dan ortiq. Bunga jahonning yetakchi universitetlari filiallari ham kiradi.
Ayni paytda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yurityapman. Universitet 25 mingdan ortiq talaba, mingdan ortiq o‘qituvchi, 21 ga yaqin chet tili o‘qitiladigan to‘laqonli ilmiy markazga aylangani O‘zbekistonning global ta’lim maydoniga integratsiyalashuvi yo‘lidagi muhim qadami hisoblanadi. Bu nafaqat mahalliy, balki xalqaro talabalar va olimlar uchun ham jozibali muhit yaratishga xizmat qilmoqda.
Qolaversa, universitet Yaponiya, Xitoy, AQSH, Italiya va boshqa ilg‘or mamlakatlar ta’lim muassasalari bilan faol hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Yaqinda qirqdan ortiq talaba ikki oydan olti oygacha bo‘lgan muddatga Jazoirdagi universitetlarga almashinuv dasturlari bo‘yicha yuborildi. Hamkorlik O‘mon Sultonligiga talabalar va o‘qituvchilarni jo‘natish masalalarini ham qamrab olgan.
O‘zim ishlayotgan arab tili va tarjimasi kafedrasida sakkizta xorijlik o‘qituvchi talabalarga dars beradi, bu akademik muhitni sezilarli darajada boyitadi, deb o‘ylayman.
Bilamizki, butun dunyoda raqamlashtirish ta’lim sohasini tubdan o‘zgartirdi. O‘zbekiston telekanallarida o‘quvchilar uchun videodarslar berilayotgani esa ta’limning ommabop va barchaga teng imkoniyat yaratadigan shaklga aylanayotganini ko‘rsatadi. Bu tashabbus, ayniqsa, olis hududlardagi bolalar uchun sifatli ta’lim olish imkonini beradi.
Eng tub o‘zgarishlardan yana biri oliy o‘quv yurtlariga qabul tizimining soddashtirilgani bo‘ldi. Markazlashtirilgan imtihonlar qisqartirildi, o‘rinlar soni ko‘paytirildi, tanlangan tilda imtihon topshirish imkoniyati yaratildi – bularning barchasi hududlar va ijtimoiy qatlamlar o‘rtasida imkoniyatlar tengligi tamoyilini mustahkamladi.
Shu o‘rinda yurtingizda o‘qituvchilarning qadri yanada oshganini ta’kidlashni istardim. Ularning oylik maoshi ikki baravar oshirildi, xalqaro malaka oshirish kurslari va qayta tayyorlash akademiyalari tashkil etildi, pedagogik ijod uchun maxsus mukofot ta’sis etildi.
Fursatdan foydalanib, xalqingizni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchaga mustahkam sog‘lik, tinchlik, oilaviy baxt va ulkan zafarlar tilayman.
Ahmad Jasim Az-Zubaydiy,
O‘zDJTU Arab tili tarjima nazariyasi
va amaliyoti kafedrasi professori