O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishganiga 34 yil to‘ldi. Bu yillar – xalqimiz orzulari, milliy qadriyatlari va yuksak intilishlari amalga oshgan, tarixiy yo‘lda ulkan yutuqlarga erishilgan davrdir.
Yaqinda uzoq muddatli Xitoy safarida bo‘ldim. Safar davomida Vatan sog‘inchi bilan birga qalbim faxr va iftixor hissiga ham to‘lib qaytdi. Bu holatni kichik bir voqea orqali tasvirlab berish mumkin.
2022 yil mart oyida ilk bor xorijga chiqqanimda, turli millat vakillari bilan suhbat qurganimda "Qaysi mamlakatdansiz?" degan savol albatta berilardi. "O‘zbekistondanman" degan javobimni ba’zilar tushunsa, ayrimlari "Pokistondanmisiz?" deya yana so‘rab qo‘yardi. Shunda ularga Vatanimizning tarixi, madaniy merosi va ulkan obidalari haqida so‘zlab berishga harakat qilardim. Rostini aytsam, o‘sha paytlarda ko‘pchilik yurtimizni bilmasligidan bir oz ranjirdim ham.
Oradan uch yil o‘tib, yaqinda bo‘lgan Xitoy safarida vaziyat butunlay boshqacha bo‘ldi. Turli sayyohlik joylariga tashrif buyurganimizda vatanimizning bayrog‘i aks etgan futbolka kiyib, yelkamga ham bayrog‘imizni tashlab yurdim. Eng quvonchlisi – hech kim mendan "Bu qaysi bayroq?" deb so‘ramadi. Aksincha, ko‘pchilik o‘zaro shivirlashib: "Bu – O‘zbekiston bayrog‘i!" deb tanib, hurmat bilan qaradi. Ana shu lahza qalbimda cheksiz g‘urur va iftixor uyg‘otdi.

Dunyoga ochilgan O‘zbekiston
So‘nggi yillarda mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi YANGI bosqichga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan O‘zbekiston ochiq, tinchliksevar va faol tashqi siyosat yuritayotgan davlat sifatida tan olinmoqda.
Bugun yurtimiz ovozi BMT Bosh Assambleyasi minbaridan, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, MDH va boshqa yirik xalqaro forumlardan jaranglamoqda. Markaziy Osiyoda barqarorlik, transport-logistika yo‘nalishlari, ekologiya va suv resurslari, "yashil" energetika, inson huquqlari va yoshlar siyosatidagi tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Yoshlarga e’tibor – kelajak poydevori
Mustaqillik yillarida yosh avlod tarbiyasi va ta’limiga katta ahamiyat berildi. Hozir millionlab yoshlar xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qish imkoniga ega, zamonaviy bilim va texnologiyalarni o‘zlashtirmoqda.
"Yoshlar – kelajagimiz" tamoyili hayotda o‘z tasdig‘ini topmoqda. Yoshlar parlamenti, Yoshlar ishlari agentligi, davlat grantlari, IT-parklar va startap dasturlari – bularning barchasi yoshlarga katta yo‘l ochmoqda. Sportda xam yoshlarimiz jahon chempionliklarini qo‘lga kiritib, bayrog‘imizni baland ko‘tarmoqda.
O‘zbekistonning yangi qiyofasi
1991 yil bilan solishtirganda, bugungi O‘zbekiston – zamonaviy, ochiq va taraqqiy etuvchi davlat. Mamlakatimiz tashqi savdo hajmi o‘nlab baravar oshdi, 180 dan ziyod davlat bilan diplomatik aloqalar o‘rnatildi, yuzlab xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Eng asosiysi, xalqimizda o‘z kuchiga ishonch, g‘urur va kelajakka qat’iy ishonch mustahkamlandi. Mustaqillik bizga milliy o‘zligimizni, erkin fikrlash imkoniyatini, birlik va iftixor tuyg‘usini baxsh etdi.
Xulosa o‘rnida
Bugun O‘zbekiston yosh va kuchli avlodga tayanayotgan, jahon hamjamiyatida tobora yuksalib borayotgan davlatdir.
Mustaqillik – biz uchun eng ulug‘ ne’mat. Bayrog‘imiz nafaqat qo‘llarimizda, balki qalbimizda ham baland hilpirab turishi kerak. Chunki Vatan ruhi – eng buyuk kuchdir.
Nozimbek Mardonov, O‘zA