Nurafshon shahridagi amfiteatrda Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan katta bayram tadbiri o‘tkazildi. Bayram dasturi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etdi.
Bayram tarovati yurtdoshlarimiz qalbiga ertangi kunga qat’iy ishonch va shukronalik tuyg‘ulari kirib borgani shubhasiz. Unda qatnashgan mehmonlar orasida el-yurt xizmatida bo‘lgan turli soha vakillari, nuroniylar, senatorlar, deputatlar, ijtimoiy-iqtisodiy, maishiy sohalarda samarali mehnat qilayotgan insonlar jam bo‘ldi.
Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev barchani eng ulug‘, eng aziz bayram bilan samimiy tabrikladi. To‘yga to‘yona bilan kelish millatimizga xos bo‘lgan ezgu qadriyat hisoblanadi. Ana shu an’anaga sodiq qolgan holda viloyatda erishilgan natijalar va yutuqlar mamnuniyat bilan tilga olindi.
Qayd etilganidek, hududda band aholi 94,8 foizni tashkil etdi. Kambag‘al oilalar soni 2021 yilda 17,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 6 foizga kamaydi.
Tadbirkorlik sub’ektlari soni 45 mingta yetdi, 5,8 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi, 6,9 milliard dollarlik eksport amalga oshirildi. Aholini munosib uy-joy bilan ta’minlash dasturlari doirasida 654 ta ko‘p qavatli uylarda 27 ming 124 ta xonadon foydalanishga topshirildi.
So‘nggi uch yilda 180 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 581 ming aholining suv ta’minoti yaxshilandi. Joylarda 9 ming 70 kilometr yo‘l va 135 ta ko‘prik ta’mirlandi. Viloyatda turizm yo‘nalishida jami 9,4 trillion so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi.
– Bu muvaffaqiyatlar zamirida Toshkent viloyatining bag‘rikeng xalqi, zabardast tadbirkorlari, zahmatkash fermerlari, ziyolilari va ijodkorlari hamda shijoatli yoshlarining mashaqqatli va sharafli mehnatlari yotganligini bilamiz va yuksak qadrlaymiz, – dedi Zoyir Mirzayev. – Albatta, bu qilingan mehnatlar davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor tufayli yuksak qadr topmoqda. Yil boshidan beri jami 51 nafar viloyatimiz vakillari davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Yaqindagina nishonlangan “Tadbirkorlar kuni” va “Mustaqillik bayrami” arafasida yana 35 nafar vakillarimizning ko‘ksini vatanning yuksak mukofotlari bezadi. Joriy yilning iyun oyida viloyatimizga tashrif buyurgan Prezidentimiz bir qator shahar va tumanlarimizda amalga oshirilayotgan ishlarni “Islohotlar shtabi uchun tayyor andoza” sifatida alohida e’tirof etdi. Shubhasiz, bu e’tirof Toshkent viloyati xalqi uchun katta sharaf va iftixordir. Muhimi, kelgusida Davlatimiz rahbari belgilab bergan ustuvor yo‘nalishlar, ya’ni sifatli ta’lim, biznesni rivojiga keng yo‘l, korrupsiyadan holi hududga aylantirish, sog‘liqni saqlash sohasini tubdan yaxshilash va ekologik barqarorlikni ta’minlash masalalari faoliyatimizning bosh mezoni bo‘ladi.
[gallery-25081]
Bayram tantanasi avvalida Davlat madhiyasi yangradi. Barcha faxr va iftixor bilan madhiyamiz sadolariga jo‘r bo‘ldi. Shundan so‘ng asosiy konsert dasturi boshlandi. Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasi tashabbusi bilan iste’dodli yosh ijrochilar, estrada va maqom san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar tomonidan qo‘shiqlar ijro qilindi. Samo uzra nur taratgan mushaklar yog‘dusi ko‘ngillarga quvonch va shodlik hisini taqdim etdi.
Mustaqilligimizning 34 yilligi bayrami tantanalari barcha joylarda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilmoqda.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA