Abduvahhob Murodiy 1901 yil 29 may kuni kuni Toshkentning Egarchi mahallasida dunyoga kelgan. Qashshoq oilada tug‘ilgan Abduvahhob go‘dakligidanoq o‘zidagi cheksiz g‘ayrat va iqtidori bilan Toshkent taraqqiyparvarlarining yetakchisi Munavvar qori Abdurashidxonovning nazariga tushdi.
Shundan so‘ng uning ta’lim va tarbiya olishiga Munavvar qori to‘liq homiylik qildi. U 1913 yil Eshonxo‘ja Xoniyning "Xoniy" maktabini, 1914 yil Munavvar qorining "Namuna" maktablarini bitirgan. 1915 yil Munavvar qori tavsiyasi bilan Namangan shahridagi jadid maktabiga o‘qituvchi sifatida yo‘llanib, bir yil u yerda ishladi. 1916-1917 yillar Toshkentdagi "Hayot" maktabida dars berdi. 1917-19 yillar Ozarbayjonning Boku shahridagi ziroat bilim yurtida o‘qiydi. So‘ng Toshkentga qaytib 1919-20 yillar "Mashrab" maktabida dars berdi, mudirlik qildi. Ayni paytda Said Ahroriyning "Izchilar to‘dasi", Fitratning "Chig‘atoy gurungi" tashkilotlari tadbirlarida faol ishtirok etdi.
Abduvahhob Murodiy Turkistonga kelgan taniqli turk generali Jamol poshshoning maslahati bilan Germaniyada o‘qishga qaror qildi. Unga Akmal Ikromov "Muallimlar jamiyati" xazinasidan ma’lum miqdorda pul ajratdi. 1920-21 yillar Afg‘onistonda bo‘lib, 1921 yil iyulida Germaniyaga yetib bordi va Berlindagi Qishloq xo‘jaligi akademiyasiga kirdi.
Berlin ziroat akademiyasi talabasi Abduvahhob Murodiyning "Qizil bayroq" gazetasida "Germaniyadan xat" rukni ostida chop etilgan ilk maktubida u Toshkentda ochilgan "Ko‘mak" jamiyatini qutlab shunday yozgan: "Toshkentdan olingan bir xatda Ovrupoga talabalar yubormoq uchun sizlarning bir uyushma tuzganingizni o‘qidim va terimga sig‘maydirgan darajada suyundim. Bir yildirkim Ovrupoda yashamoqdaman. Ilm maorifda Ovruponing birinchi bo‘lgan Germaniya dorulfununlarida butun dunyodan, hatto tatarlardan o‘nlab, turklardan esa minglab talabalar bo‘lgani holda bizning Turkistondan mendan boshqa talabaning bo‘lmasligi yuragimni parchalamoqda. Boshqalarga hasad sezgisini uyg‘otmoqda edi. Mana sizlarning bu xayrlik muborak tashabbusingiz bir yildan beri kulmagan ko‘nglimni kuldirdi va ruhimga jon berdi."
"Jadidlar — millat qahramonlari" loyihasining bu galgi soni O‘zbekistonda milliy istiqlol harakati namoyandalaridan biri, birinchi o‘zbek agronomi — Abduvahhob Murodiyning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlanadi.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/1adTtvQ5egc" title="Birinchi o`zbek agronomi — Abduvahhob Murodiy (+video)" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA