Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyati “Ayritom” chegara bojxona posti katta inspektori Jasurbek Bo‘ronov ham “Jasorat” medaliga sazovor bo‘ldi.
Insonni bolalikdagi orzu-havaslari, intilish va yaxshi niyatlari ulg‘aytiradi. Bu yil 27 yoshni qarshi olgan Jasurbek Bo‘ronov ham o‘quvchilik yillaridan egniga harbiy libos kiyib, Vatanni himoya qilish orzusi bilan kamolga yetdi. Shu maqsadda o‘qib, izlandi. Jismonan toblandi. Sharafli kasb egasi bo‘lishga ruhan tayyorgarlik ko‘rdi.
Orzulari bir olam Jasurbek ulg‘ayib, voyaga yetgach, bojxonachi bo‘lishga qat’iy ahd qildi. Sakkiz yil muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Bojxona institutiga hujjat topshirib, sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi. Kursantlar safiga qabul qilindi.
¬Bolalikdagi orzuimni qo‘llab-quvvatlagani, havaslarimni amalga oshirishga dalda bo‘lgani uchun ota-onam va yaqinlarimdan bir umr mamnunman,¬deydi Jasurbek Bo‘ronov.¬Ana shu qo‘llov bilan sharafli va ayni paytda mas’uliyatli kasb egasiga aylandim. Endilikda mamlakatimiz sarhadida Vatanimiz iqtisodiy manfaatlarini himoya qilib, iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman.
Yosh bojxonachi to‘rt yil muqaddam institutni a’lo baholarga tugatgach, xizmatini davom ettirish uchun unga Surxondaryo viloyat bojxona boshqarmasiga yo‘llanma berildi. Oliy ta’lim muassasasida olgan bilim va ko‘nikmalarini bojxona postida qo‘llay boshladi. Yosh bo‘lsa-da, chegara bojxona postida tovar va transport vositalarini bojxona nazoratidan o‘tkazishdagi sinchkovlik va ziyrakligi bilan boshqa hamkasblariga o‘rnak bo‘ldi. Ikki davlat chegarasidagi mas’uliyatni qalban his etib, Vatanga sadoqati va yoshlikda tanlagan kasbiga mehrini namoyon etdi.
Jasurbek Bo‘ronov ana shunday yuksak fazilatlari bilan xizmat chog‘ida bir necha marta tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanishi va giyohvandlik vositalarining yurtimiz hududiga qonunga zid kirib kelishiga chek qo‘ydi. Uning chegara-bojxona postida ziyraklik bilan olib borayotgan xizmatlari Mustaqilligimizning 34 yillik qutlug‘ bayrami arafasida “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
¬Kamtarona xizmatlarim yuqori baholanib, yuksak mukofotga munosib ko‘rishgani uchun Prezidentimizdan behad minnatdorman,¬deydi Jasurbek.¬Bu e’tiborni men bilan bir safda turib xizmat qilayotgan hamkasblarimga, ustozlarga berilgan mukofot, kelgusidagi yanada sergak xizmatimiz uchun rag‘bat, deb bilaman. Bundan buyon ham bor kuch va bilimimni yurtimiz ravnaqi, Vatanimiz tinchligi, xalqimiz obodligi va mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash yo‘lida sarflayman.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri